Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 28-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. 2025-yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya 7,3 foizgacha, bazaviy inflyatsiya 5,7 foizgacha tushdi. Inflyatsiyaning pasayishi qat’iy pul-kredit siyosati, so‘mning mustahkamlanishi va import narxlari ta’sirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hisobiga ta’minlanmoqda.
Xizmatlar sohasida narxlar o‘sishi yuqori saqlanib qolmoqda. 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar o‘sishi hamda iste’mol talabini joriy yilda ham rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.
Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar hamda qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari subyektlarining qo‘llab-quvvatlanishi 2025-yilda so‘mning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu, import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.
Iqtisodiyotda yuqori faollik saqlanib qolmoqda. 2026 yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish 6,5–7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Bank tizimida ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirmoqda. Chakana kreditlash va fiskal faollik yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaning barqaror pasayishini ta’minlash maqsadida joriy qat’iy darajada saqlab qolinadi.
Yuqori yalpi talab omillari xususan, fiskal rag‘batlantirishlar hamda yuqori chakana kreditlash sur’atlari sharoitida asosiy stavkani joriy qat’iy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi.
“Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi”, deyiladi Markaziy bank xabarida.
2024-yil 25-iyul kuni asosiy stavka yillik 0,5 foiz bandga pasaytirilib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilangandi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushgandi. Shundan buyon asosiy stavka miqdori o‘zgarmay kelayotgandi. Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 20-martdagi yig‘ilishida asosiy stavka 0,5 foiz bandga oshirib, 14 foiz darajasida belgiladi. Shundan buyon asosiy stavka o‘zgarmay kelmoqda.








