Surxondaryo daryosining bir qismi neft bilan ifloslandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qumqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi suv havzasi rangi o‘zgargani aks etgan videolar tarqaldi.
Unda suv havzasida rang o‘zgarishiga Boysun tumanida 23-aprelda kuzatilgan sel oqimlari qaysidir neft suyuqlik saqlanayotgan va izolyatsiyalashtirilgan sun’iy omborni buzib yuborgan degan taxminlar bildirilgandi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, mazkur holat Boysun tumani hududidagi Kofurun soyidan kelgan sel oqimlari bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu oqim Bandixon tumani orqali oqib o‘tib, Qumqo‘rg‘on tumaniga yetib kelgan.
“Sel oqimi davomida tog‘ jinslari, tabiiy cho‘kindilar hamda boshqa aralashmalar suv tarkibiga qo‘shilishi natijasida uning tashqi ko‘rinishida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”, deyiladi xabarda.
Suv xo‘jaligi vazirligi hodisa sababini ma’lum qildi
Boysun tumani “Kofrun” mahallasidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyining oqim bo‘ylab chap tomonida neft saqlanadigan vaqtinchalik hovuzlar bo‘lgan. Ushbu hovuzlar burg‘ulash chog‘ida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga oqib ketishining oldini olish maqsadida yanvar-fevral oylarida Eriell Group kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba qilish yo‘li bilan barpo etilgan. Ularda to‘plangan neft maxsus texnikalar yordamida tashib ketilgan.
23-aprel kuni Boysun tumanida ro‘y bergan kuchli yog‘ingarchilik natijasida Xangaronsoy soyida suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan sel-toshqin suvlari toshib o‘tgan. Oqibatda neft aralashgan suvlar Bandixon tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bandixonsoyga, u orqali Qumqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Surxondaryo daryosiga quyilgan.
Shu kunning o‘zida “Kofurun” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyidagi bir nechta hovuz dambalari Eriell Group tomonidan tiklanib, suvga neft oqib chiqishi to‘liq bartaraf qilingan.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va viloyatdagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sel-toshqin xavfi ro‘y berishi mumkin bo‘lgan hududlarda nazorat kuchaytirilib, kecha-yu kunduz navbatchilik tashkil etilgan.








