“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy milliy neft korporatsiyasi (CNPC) tarkibidagi CCDC burg‘ilash kompaniyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar qildi.
Muloqot davomida Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuzaga kelgan texnogen avariyani bartaraf etish ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar avariyani bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarga tezkor kirishish uchun barcha tayyorgarlik jarayonlarini qisqa muddatlarda yakunlash muhimligini ta’kidlagan. Xususan, obyektga maxsus burg‘ilash dastgohlari, yuqori bosim sharoitida ishlashga mo‘ljallangan texnologik uskunalar hamda zarur texnik vositalarni yetkazish, malakali mutaxassislarni jalb etish va qutqaruv-burg‘ilash ishlarini o‘z vaqtida boshlashga kelishib olingan.
Shuningdek, loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish va texnik yechimlarni tezkor qabul qilish maqsadida ikki kompaniya mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish belgilangan.
Uchrashuvda Boysundagi texnogen avariya to‘liq bartaraf etilganidan so‘ng, neft-gaz sohasida yangi burg‘ilash va geologiya-qidiruv dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Boysundagi gaz konida kuzatilgan avariya
“Mustaqillikning 25 yilligi” koni Boysun shahridan 20 kilometr masofada joylashgan. Konning gaz zaxiralari 150 milliard kub metrdan ortiqligi taxmin qilinadi. Ayrim manbalarga koʻra, konning gaz zaxiralari 170 milliard kubometrga yetishi mumkin.
2024-yil 1-sentyabr kuni Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M25) konining 604-qudugʻi burgʻilash ishlari olib borilayotgan paytda portlab, yongʻin chiqqandi. Keyin atrofga oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan. Kon hududiga yaqin joylarda yashovchi aholi zudlik bilan boshqa hududlarga koʻchirilgan.
Oradan yarim oy oʻtib, 17-sentyabr kuni konda navbatdagi portlash yuz bergan. Oqibatda 11 kishi jarohatlangan, konning 4 ishchisi voqea joyida halok boʻlgan.
Keyinchalik 2025-yil 27-martda va 5-mayida ham portlashlar kuzatilgan. Oʻtgan salkam ikki yil davomida konda qator gaz yonib chiqish holatlari qayd etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hudud aholisi gaz hidiga chidab boʻlmasligi, bundan odamlar aziyat chekayotgani, hatto kasalliklar orttirib olgani haqida koʻp chiqishlar qildi.
Keyin 2025-yilning noyabrida Boysundagi kondan yana gaz sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi “M-25” konining 202-son gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nish holati kuzatilganini, bu holat kondagi geologik jarayon natijasida yuz berganini ma’lum qilgandi.








