Daryo

Sherzod Shermatov: “15 mln odamning maʼlumoti internetda sotuvda turgani yo‘q”

Davlatning uchta idorasi axborot tizimlariga 27—30-yanvar kunlari kiberhujumlar boʻlgan. Raqamli texnologiyalar vaziriga ko‘ra internetga sizib chiqqan ma’lumotlar soni 60 mingga yaqin. Sherzod Shermatov darknetda ma’lumotlar sotuvi haqidagi e’lon moderatorlar tomonidan olib tashlanganini ma’lum qildi.

4 daqiqa o‘qish17 864 ko‘rishlar0 izoh8

Fevral oyi boshida Oʻzbekistonning toʻrtta tashkiloti axborot tizimlari kiberhujumga uchragani va buning oqibatda 15 millionga yaqin fuqaroning maʼlumotlari sizib chiqib ketgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 12-fevral kuni OAV vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda 15 mln fuqaroning maʼlumotlari emas, balki 60 mingga yaqin unikal yozuv tarqalganini taʼkidladi.

“Darknetda 15 million fuqaroning shaxsiy maʼlumoti sotuvda turibdi, degan gap chiqdi. 15 million unikal odamning internetda sotuvda turgan maʼlumoti yo‘q. Agar boʻlsa, topinglar. 15 million fuqaro bu — pasport olgan aholimizning deyarli yarmidan koʻpi... Unaqa maʼlumot yoʻq. Hammasi sotilyapti, degan narsa — haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Agar boʻlsa, sotib olinglar-da, mana, koʻrsatinglar”, dedi vazir.

Sherzod Shermatovning tushuntirishicha, tashkilotlarning axborot tizimlari kiberxavfsizlik boʻyicha uch bosqichli sertifikatlashdan oʻtishi kerak. Ammo baʼzi idoralar shoshilinchda sertifikatlashtirishni oʻtkazmay, tizimni ishlatib yuboradi, oqibatda tizimlarga buzib kirish holatlari yuz beradi.

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati

Vazirning maʼlum qilishicha, 27—30-yanvar kunlari davlatning uchta idorasi axborot tizimlariga kiberhujumlar boʻlgan. Gap aynan qaysi tashkilotlar haqida ketayotganiga vazir aniqlik kiritmadi.

“Albatta, hujum boʻlgan. Yaxshi haker, kuchli haker boʻlgan. Qaysidir tizimlarga kirgan ham. Bahonada bu tizimlardagi xatolarni oʻrganishga ham, sergaklikni oshirishga ham yordam beradi. Qaysidir tizimlardan qanchadir miqdorda maʼlumotlar chiqqan. Endi u [chiqib ketgan maʼlumotlar soni] 15 million tugul, 100 ming ham emas”, dedi Shermatov.

Vazir aynan qanday turdagi maʼlumotlar chiqib ketgani haqida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar axborot berishini maʼlum qildi. Ayni vaqtda, u maʼlumotlarning bunday tarqalishi oqibatida fuqarolarga koʻp zarar yetmasligini, moliyaviy zarar yetishi mumkin boʻlgan holatlarda Raqamli rivojlanish vazirligi chora koʻrishini qayd etib oʻtdi.

“Faraz qilaylik, barcha maʼlumotlar chiqib ketdi. Shu 15 million kishining pasport nusxasi chiqib, sotildi ham, deylik. Bundan fuqarolar qanday zarar koʻrishi mumkin? Mana shu jihatga ham koʻproq eʼtibor qilishimiz kerak. Yaʼni, hozir pasport nusxangiz oʻzingizdan boshqa koʻp joyda ham bor. Masalan, maktabga ham beramiz, bogʻchaga ham beramiz, mahallaga ham beramiz, turistik firmalarga ham beramiz. Mehmonxonaga borsangiz ham darrov nusxasini berasiz. Hamma yerda bor, deylik. Mana bu holat [shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqishi] boʻlmasidan oldin ham pasport nusxangiz hamma yoqda boʻlgach, nomingizdagi mol-mulkingizni olib qoʻyish yoki qanaqadir moddiy zarar yetkazmoqchi boʻlgan holatlarda buning oldini olish boʻyicha ham parallel choralar koʻriladi. Koʻrilyapti ham”, dedi Shermatov.

Vazirning tushuntirishicha, ehtimoliy firibgarliklarning oldini olish uchun toʻlov kompaniyalar antifrod tizimiga oʻtyapti. Moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi korxona yoki bank “Telekom antifrod” tizimiga ulangan boʻlsa, telefonga kelgan SMSdagi maʼlumotlar firibgarga aytilgan taqdirda ham u pulni yechib ololmaydi. Bundan tashqari, OneID tizimiga shaxsiy maʼlumotlarni boshqa tashkilotlar bilan integratsiya qilish va ular bilan almashinuvini taqiqlash funksiyasi ham qoʻshilgan.

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati

Sherzod Shermatov fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlar tarqalganidan 10 kun oʻtibgina jurnalistlar bilan uchrash o‘tkazilayotgani sababini izohlarkan, buni “15 million fuqaroning maʼlumotiga ega” hakerning eʼloni darknetdan olib tashlangani bilan bogʻliqligini aytdi.

“Darknetda maʼlumotlar sotuvga qoʻyiladi, deb aytilgach, uni moderatori koʻrib chiqadi. Agar maʼlumot haqiqatan ham mavjud boʻlsa, keyin sotuvga chiqaradi. Yoʻq boʻlsa, moderator qaytaradi. Hozir, masalan, darknetda oʻsha xabar moderator tomonidan qaytarilgan. Yaʼni, ichki tekshiruvdan tashqari, bizga bogʻliq boʻlmagan, tizimdagi moderator tomonidan qaytarilganini koʻrganimizdan keyin, uni, albatta, bemalol aytsa boʻladigan holat sifatida, mana, sizlarga aytyapman”, dedi Oʻzbekiston raqamli rivojlanish vaziri.

Avvalroq hukumat tizimlaridan kamida 15 million Oʻzbekiston fuqarosining shaxsiy maʼlumotlari sizdirilgani va Dark Webʼga joylashtirilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu holat yuzasidan Kiberxavfsizlik markazi DUK oʻrganishlar olib borilayotganini va keyinroq qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishini maʼlum qilgan.

Shuningdek, ayrim xorijiy forumlarda davlatning asosiy autentifikatsiya tizimi boʻlgan OAuth serveri buzilgani, natijada bir qator davlat va nodavlat tizimlari xavf ostida qolgani qayd etilgan. Biroq rasmiy idoralar hozircha oʻzlariga tegishli axborot tizimlarida maʼlumotlar sizib chiqishi holati aniqlanganini qatʼiy rad etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat axborot tizimlari buzilgani va millionlab fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlar fonida qator idoralar rasmiy izoh bergan. Xususan, Statistika qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi hamda Ichki ishlar vazirligi oʻz tizimlariga tashqi manbalar orqali buzib kirilmaganini bildirgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarmoqlarda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, jumladan, idora tasarrufidagi ayrim axborotlar internetga sizib chiqqani haqidagi xabarlar yuzasidan bildirgan rasmiy munosabatida mazkur holat avval faoliyat yuritilgan eski ma’lumotlar bazasiga taalluqli ekanini, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida agentlik tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini e’lon qilgandi.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar