Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2025-yil natijalari e’lon qilindi. Yangi reytingda O‘zbekiston uch pog‘ona pastlab 182 ta davlat orasida 124-o‘rinni egalladi.
100 ballik indeks bo‘yicha O‘zbekiston 31 ball (bir yil avval — 32 ball edi) to‘plagan (bu yerda 0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi, 100 — o‘ta past darajasi).
Qayd etilishicha, dunyoda korrupsiya darajasi, jumladan, demokratik mamlakatlarda ham, o‘sishda davom etmoqda. 2025-yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksiga (KQI) ko‘ra, AQSH, Kanada, Yangi Zelandiya hamda qator Yevropa mamlakatlarida ko‘rsatkichlar yomonlashgan.
2025-yilda korrupsiya bo‘yicha o‘rtacha jahon ko‘rsatkichi 42 ballni tashkil etgan, bu so‘nggi o‘n yildan ortiq davrdagi eng past natija hisoblanadi. Dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 50 balldan kam natija ko‘rsatgan, 80 balldan yuqori ball olgan davlatlar soni esa o‘n yil ichida 12 tadan 5 tagacha kamaygan.
Reytingda ketma-ket sakkiz yildan beri 89 ball bilan Daniya yetakchilik qilmoqda, undan keyingi o‘rinlardan Finlyandiya (88) va Singapur (84) joy olgan.
182 ta davlat ichida eng oxirgi o‘rinlarni Janubiy Sudan (9 ball), Somali (9 ball) va Venesuela (10 ball) egalladi.
Rossiyaning Korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi 22 ballni tashkil etdi. Bu mamlakatni 182 davlat orasida 157-o‘ringa qo‘yadi. Rossiya reytingda Gonduras, Zimbabve va Chad bilan bir o‘rindan joy olgan.
Reytingda Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston 96-o‘rin (38 ball), Qirg‘iziston 142-o‘rin (26 ball), Tojikiston 166-o‘rin (19 ball), Turkmaniston 167-o‘rin (17 ball) va Afg‘oniston 169-o‘rindan (16 ball) joy olgan.
O‘zbekiston ushbu reytingda 2023—2024-yillarda 121-o‘rinni egallagan edi. Undan avvalgi yil esa 126-o‘rinni qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Transparency International’ning 2021-yilgi reytingida O‘zbekiston 2020-yilga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egallagandi. Mamlakat 2020-yilda ham korrupsiya darajasi bo‘yicha Transparency International reytingida o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilab, reytingda 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egallagandi.








