Samarqandda koʻchalarda daraxtlar yetarli yoki yoʻqligi, tozalik holatini nazorat qilish oliygohlarga biriktiriladi. Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvda shunday topshiriq berdi.
Yigʻilishdan olingan videolavhada hokim OTMlarga oraliq masofasiga qarab 1-3 tadan koʻcha berilishini aytgan.
“Men sizlarga daraxt ekinglar, trotuar yoki boshqa qilinglar demayman. Sizlar oʻsha koʻchaning egasi boʻlasizlar. Har kuni ertalab bitta oʻqituvchi bir aylanib keladi. Piyoda yuradi, buni sogʻliqqa foydasi ham bor. Koʻcha tozaligini, odamlar qayerdan qiynalyapti, qayerda trotuar sinib ketgan, qaysi koʻchat quriyapti yoki gurkirab rivojlanmayapti oʻrganasiz. Qayergadir nogironlar uchun imkoniyati yoʻq. Keyin obodonlashtirish masalasi ham bor, ming xil masala bor”, dedi hokim.
Adiz Boboyev rektorlarga koʻchalardagi ishlarni “tartibga solish” boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish topshirigʻini berdi.
“Hozir birinchi qiladigan ishimiz kasallarni davolashimiz kerak. Buni bir hafta oldin boshlaganmiz. Keyingi ishimiz qayerga koʻchat yoʻq boʻlsa, oʻshaning roʻyxatini qilasizlar. Qanaqa koʻchat kerakligini aytsangiz, oʻsha koʻchatdan toptirib, ikki oydan keyin kuz keladi, noyabrga eksa boʻladi. Palapartish ekilgan joylarni almashtiramiz”, dedi viloyat rahbari.
Adiz Boboyevning videosi tarqalganidan keyin Samarqand viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan izoh berdi. Qayd etilishicha, mazkur tavsiyaning asosiy maqsadi talabalarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari, fakultetlar va kafedralarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iboratdir.
“Bugungi kunda shahar ko‘chalarida turli kasalliklar, zararkunanda hasharotlar hamda noto‘g‘ri agrotexnik yondashuvlar kabi qator omillar tufayli ayrim daraxtlar kasallanib, qurib qolmoqda. Bu masalalarni hal etishda ilmiy yondashuv va mutaxassislar maslahat va tavsiyalari asosida ish tutish muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi izohda.
Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvda biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan yosh tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini shahar muhitidagi amaliy kuzatuvlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etilgan.
Bu jarayonda talabalar va yosh olimlar daraxtlarning holatini o‘rganish, monitoring olib borish, kasallik va zararkunandalar belgilarini erta aniqlash bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda tavsiyalar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi. Barcha agrotexnik va jismoniy ishlar esa tegishli kommunal va obodonlashtirish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus ilmiy muassasalar, mahalliy hokimlik va obodonlashtirish xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Viloyat hokimligi har qanday tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi, fuqarolar huquq va manfaatlari ta’minlanishi hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qiladi.
Qonunchilikka asosan, pedagogni kasbiy faoliyatidan tashqari ishlarga majburlash taqiqlangan. “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks”ning 51-moddasida “pedagoglarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash – BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Bu qilmish takroran sodir etilgan taqdirda, huquqbuzar jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.








