“Daryo” nashrining “Rakurs” loyihasi mehmoni bo‘lgan shifokor, farmatsevt Otabek Choriyev O‘zbekiston aholisi nima uchun ko‘p dori iste’mol qilish sabablarini aytib o‘tdi.
“O‘zbekistonda so‘nggi yillarda farmatsevtika sohasida ancha ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Lekin baribir O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi eng og‘riqli nuqta farmatsevtika bo‘lib qolmoqda.
25 yil oldin O‘zbekistonda faqat bitta dori ishlab chiqarish korxonasi — Sultonbek Islombekov nomidagi farmzavod bor edi. U yerda ham analgin, demidrol, paratsetamol, sitramon kabi oddiy dorilar ishlab chiqarilar edi. 99 foiz dori vositasi chet eldan kirib kelardi.
Bu agentlikning asosiy vazifasi nimadan iborat? O‘zbekistonda mahalliy farmatsevtikani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash. Import o‘rnini bosuvchi dori vositalarini ishlab chiqarish va investorlarni jalb qilish”, dedi Otabek Choriyev.
Shuningdek, u nima sababdan o‘zbekistonliklar ko‘p dori iste’mol qilishi sabablarini ham aytib o‘tdi.
“Bir misolni keltiraman. Menga tanish bo‘lgan endokrinolog Surxondaryoga tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun borgan. U yerda 60 yoshdan oshgan otaxonni tekshirgan, otaxonda arterial gipertoniya va qandli diabet aniqlangan. Kasalliklarga qaramay, otaxon parhez qilmasdan, mumkin bo‘lmagan yog‘li va go‘shtli ovqatlarni ko‘p yer ekan. Shifokor otaxonning tomorqasida karam yetishtirilayotganini ko‘rgan va undan o‘zingiz ham karam iste’mol qilib turasizmi, deb so‘ragan. Chunki karam yuqori qon bosimi va qandli diabetda juda ham foydali hisoblanadi. Agar muntazam iste’mol qilsa, doriga hojat qolmaydi. Otaxonning javobi esa quyidagicha bo‘lgan: Bu karamni sotamiz, ortib qolganini esa mollarga berib yuboramiz.
Biz issiq o‘lkamiz. Bizda inson organizmi uchun juda foydali bo‘lgan ko‘kat va sabzavotlar ko‘p o‘sadi. Biz ularni juda ko‘p miqdorda yetishtiramiz. Keyin chet elga sotib, pul ishlaymiz. O‘sha pulga dori olib ichamiz”, deydi mutaxassis.








