Daryo

O‘zbekistonda Afg‘onistondan olib kelingan 9 kg giyohvandlik vositasining savdosiga chek qo‘yildi

Tezkor tadbirlarda Xorazmda ikki shaxs yonidan katta miqdordagi opiy topilib, musodara qilindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

1 daqiqa o‘qish3 274 ko‘rishlar0 izoh0

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 9 kilogramm opiy giyohvandlik moddasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan va muqaddam narkojinoyat uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilgan. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvda uning yonidan 4 kg 407 gramm opiy moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Yana bir holatda esa Beruniy—Urganch yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomobili Urganch tumanidagi “Cholish” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtomashinada ketayotgan, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan va ilgari narkojinoyat sodir etganlik uchun sudlangan shaxsga tegishli 4 kg 541 gramm opiy moddasi aniqlanib, musodara qilingan.

Qayd etilishicha, har ikki holatda ham gumonlanuvchilar giyohvandlik vositalarini Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, Xorazm viloyatida sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi ikkinchi qismi va 25, 273-moddasi beshinchi qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘shni Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilayotgan yirik miqdordagi giyohvand moddalar to‘xtatib qolingani haqida xabar berilgandi.

Tekshiruv davomida 54 yoshli erkakning yonida bo‘lgan ikki qop ichidan jami 10 dona o‘ramga joylangan, sof og‘irligi 10 kilogramm 354 gramm bo‘lgan gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar