Daryo

Afg‘onistondan olib kelingan 37 kilodan ortiq narkotik to‘xtatib qolindi

Ushbu giyohvandlik vositalari Samarqand va Surxondaryoda o‘tkazilgan tezkor tadbirda musodara qilingan. Olti kishi qo‘lga olingan.

1 daqiqa o‘qish3 702 ko‘rishlar0 izoh1

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand va Surxondaryoda Afg‘onistondan olib kelingan 37 kilodan ortiq giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Afg‘onistondan 25 kilo 444 gramm opiy va 11 kilo 86 gramm gashish moddalari mamlakatga kontrabanda qilingani aniqlanib, ushbu narkotik moddaning buyurtmachilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Natijada nazorat ostida Samarqand shahriga yetkazilgan giyohvandlik vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida 1989 va 1997-yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro hamda 1993 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki nafar xorijlik fuqaro ushlandi.

Foto: DXX

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa 1955 va 2001-yillarda tug‘ilgan ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi Termiz xalqaro savdo markazida 1 kilogramm 76 gramm opiy moddasini shartli xaridorga 5 ming dollarga sotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Foto: DXX
Foto: DXX

Aniqlanishicha, ular giyohvandlik vositalarini yashirin tarzda olib kelishda o‘z ichki organlaridan “jonli konteyner” sifatida foydalangan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda)2-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan bir necha kun avval Toshkentda 34 kilodan ortiq narkotik olib ketayotgan ikki kishi qamoqqa olingani xabar qilingandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar