Oʻzbekistonda 2025-yilda dollar kursi 6,9 foizga pasaygani aholi tomonidan yaxshi kutib olingan. Bu haqda Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Ochilov 27-fevral kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan eksportyorlar bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
“Aholi rahmat dedi”
“Daryo” muxbiri xabariga koʻra, muloqotda bank va birja vakillari tadbirkorlar bilan valyuta almashuv kursi haqida suhbatlashgan. Tadbirda Nodirbek Ochilov soʻm qadri oshganidan koʻpchilik xursand boʻlganini bildirdi.
“Soʻm qadri oshgani tufayli Markaziy bankka nisbatan turli gaplar boʻldi. Kursni nega pasaytirdinglar, deyildi. Milliy valyuta mustahkamlangani uchun dollarda qarzdor, ijarasi yoki boshqa toʻlovlarini AQSH valyutasida qiladiganlar, soʻmda daromad oladigan pensioner, oʻqituvchilar, umuman, aholimiz faqat rahmat deyishdi. Oʻzbekistonda kurs pasaysa ham boʻlar ekanku, degan gaplar aytildi. 20-30 yildan beri faqat oʻsuvchi dinamika boʻlgan. Nimaga faqat oshishi kerak? Qachon soʻmning oʻz kuchi boʻladi”, dedi Markaziy bank rasmiysi.
Nodirbek Ochilov soʻm mustahkamlanishi natijasida iqtisodiyotda ijobiy holatlar koʻproq kuzatilganini aytdi.
“Soʻm qadri oshishi kerak”
Nodirbek Ochilov soʻm qadrini oshirish asosiy vazifalardan ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, 2025-yilda aholi va tadbirkorlik subyektlarining banklarda soʻmdagi jamgʻarmalari hajmi 44 foizga oshgan. Milliy valyutadagi pul massasi ham sezilarli oshib bormoqda. Bankka soʻm koʻproq kirib kelishni boshlagan, chiqib ketishi esa kamaygan.
“Avvallari biz qiynalib ketardik. Men 2014-2015-yillarda monetar siyosat departamenti rahbari boʻlib ishlaganlar pul massasi oʻsmasligidan qiynalardik. Byudjet iqtisodiyotga pul beradi, iqtisodiyotga turli kanallardan pul keladi. U soʻrilib ketadi, aylanmaydi. Aylanish tezligi past edi, yaʼni iqtisodiyotda pul hosil boʻlmasdi. Hisob raqamlarda pul qolmasdi. Bu yil pul massasini qaraydigan boʻlsak, qariyb 350 trillion atrofida pul massasi shakllandi”, dedi ekspert.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari oʻtgan yilda soʻm qadri 6,9 foizga oshgani falokat emasligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, milliy valyuta mustahkalangani eksportyorlarga juda ogʻir darajada taʼsir qilmagan. Tahlillarga qaraganda, soʻm qadri ortishidan iqtisodiyotda juda koʻp bizneslar yutgan.
“Bunga faqat birgina zarar nuqtai nazaridan qaramaylik. Toʻgʻri, eksportyorlar uchun tushumlar nominal soʻm darajasida kamaygan boʻlishi mumkin. Lekin 2024 va 2025-yillardagi toʻgʻridan toʻgʻri oʻrtacha valyuta kursini solishtirsak, atigi 78 soʻmga qadri oshgan”, dedi u.
Nodirbek Ochilov tahligiga koʻra, mamlakatda milliy valyutadagi hisob-kitoblar ulushi oshmoqda. Joriy 1-apreldan uy va 20 million soʻmdan yuqori toʻlovlar naqdsizga oʻtkaziladi. Bu chora soʻm qadri oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Soʻmga odamlar jamgʻarish, toʻlov, hisob-kitob vositasi sifatida ishonch bilan qarashi lozim. Buning birinchi elementi valyuta kursining har doim bir xil yoʻnalishda qadrsizlanmasligi”, dedi mutaxassis.
“Iqtisodiyotni dollardan uzmoqchimiz”
Maʼruzada 2025-yilda iqtisodiyotda dollarizatsiya kreditlar boʻyicha 41 foizdan 38 foizga, depozitlarda 26 foizdan 22 foizgacha pasaygani aytildi. Milliy valyutadagi depozitlar hajmi oshib borayotgani uchun dollardagi depozitlar ulushi kamayib borayotgani taʼkidlandi.
“Toʻgʻri, bu hech qachon nolga teng boʻlmaydi. Chunki davlat darajasida ham nol qilishning ilojisi yoʻq. Bevosita eksport-import operatsiyalari bor, iqtisodiyot tashqi sektorga bogʻliq. Iqtisodchilar tilida “dollarofetishizm” degan atama bor. Yaʼni bunda hamma narsa dollarga bogʻlanishi tushuniladi. Bizning maqsadimiz—iqtisodiyotni dollardan uzish. Iqtisodiyotda “yakorirovaniye” degan natama bor. Mazkur tushuncha hamma koʻrsatkichlar dollarda ifodalanmasligi, soʻmda ifodalanishi va soʻm qadrining borgan sari yuqori boʻlib borishini anglatadi. Toʻgʻri, bugun inflyatsiya yuqoriroq. Bundan yuqori sharoitda yashab kelganmiz. 2020-yillar boshlarida mart oylarida 20 foizlik inflyatsiya edi. Bugun 7,3 foizli inflyatsiya muhitida yashayapmiz”, dedi Markaziy bank vakili.
Avvalroq Nodirbek Ochilov valyuta almashuv kursiga ta’sir qiluvchi o‘nlab omillarni sanagandi. Ulardan biri sifatida davlat olayotgan qarzlar keltirilgan.








