Daryo

Davlat aktivlarini sotib olish va ijaraga olishda yangi imtiyozlar belgilandi

Uch oy davomida ochiq elektron onlayn auksion va birja savdolarida sotilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi.

2 daqiqa o‘qish3 179 ko‘rishlar0 izoh0

Davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda avans to‘lovi 15 foizga tushirildi. Xaridorga qolgan summani qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Prezidentning 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda 15 foizlik avans 30 kalendar kun ichida to‘lanadi. Qolgan mablag‘ni esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.

Shuningdek, elektron onlayn auksion, tanlov va birja savdolarida sotilgan qiymati BHMning 23 ming baravaridan yuqori davlat aktivlari hamda BHMning 8 ming baravaridan yuqori qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun xaridorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar beriladi.

Xususan, xaridor to‘lovning 100 foizini 6 oy ichida amalga oshirsa, jami summaga nisbatan 25 foiz chegirma qo‘llanadi. To‘lovning 50 foizi 6 oyda amalga oshirilgan taqdirda, qolgan summa 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. 35 foiz to‘lovni 3 oy ichida amalga oshirgan xaridorga esa qolgan summani 5 yil davomida foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi.

Davlat aktivlari uchun to‘lovning kamida 50 foizini amalga oshirgan xaridorlarga obyektlarni rekonstruksiya qilish, jumladan, yangidan qurish uchun buzish va ta’mirlash huquqi ham beriladi.

Bundan tashqari, davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini elektron onlayn auksionda sotishda auksion qadami obyektning boshlang‘ich narxining 1 foizi miqdorida belgilanadi. Takroriy savdolarda faqat bitta talabgordan ariza tushgan bo‘lsa, unga lotni shu savdoda e’lon qilingan narxda ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi.

Elektron onlayn auksion va tanlov savdolari haqidagi xabarlarni e’lon qilish muddati ham qisqartiriladi. Oddiy savdolar uchun bu muddat 30 kundan 15 kungacha, takroriy savdolar uchun esa 10 kundan 5 kungacha kamaytiriladi.

Davlat aktivi uch oy davomida sotilmasa, uni elektron onlayn auksion va tanlov savdolarida gibrid auksion — ingliz-golland modeli asosida sotishga ruxsat beriladi. Bunda takroriy auksion dastlab mol-mulkning boshlang‘ich narxidan boshlanadi va narx 2 foizlik qadamlar bilan pasaytirib boriladi. Xaridor tomonidan taklif bildirilgach, savdo taklif qilingan narxdan boshlab oshirib borish tartibida davom etadi.

Shuningdek, uch oy davomida ochiq elektron onlayn auksion va birja savdolarida sotilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich narxi balans yoki sof aktivlar qiymatidan qat’i nazar, bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi. Ikki oy davomida sotilmagan davlat aktivlarini lotlarga bo‘lish yoki birlashtirish orqali qayta savdoga chiqarish vakolati Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi.

Farmon davlat ishtirokini iqtisodiyotda qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushirilishi haqida xabar berilgandi.

Majlisda davlat rahbari hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish, minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini to‘laqonli iqtisodiy aylanmaga kiritish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar