Daryo

Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi

Olti oyda to‘liq to‘lovni amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi. Davlat rahbari minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihaga aylanib, ish o‘rni va eksportga xizmat qilganda haqiqiy qiymat yaratishini taʼkidladi.

1 daqiqa o‘qish2 541 ko‘rishlar0 izoh0

Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda davlat rahbari hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish, minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini to‘laqonli iqtisodiy aylanmaga kiritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar uchun quyidagi yengilliklar yaratilishi belgilandi:

  • olti oyda to‘liq to‘lovni amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi;
  • summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi;
  • uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi hamda auksion muddati ikki barobar qisqartiriladi.

Shuningdek, auksionda yer sotib olgan tadbirkor qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham berilib, hokimlar yerni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqarishi belgilandi. Bunday yerni olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkin bo‘ladi, infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans ham 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Bundan tashqari, banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Uni sotib olgan tadbirkor bir yil yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.

Birinchi navbatda mahalliylashtiriladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilib, ularni o‘zlashtirish uchun Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi. Bu zonalarga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi, mahalliylashtirish darajasi 30—40 foizdan oshsa, mahsulotni ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llanadi.

“Bond sanoat zonalari”da zamonaviy R&D markazlari, laboratoriya, muhandislik va texnologik xizmatlar yagona zanjirda ishlaydi, tadbirkorlarga infratuzilmali tayyor binolar taqdim etish uchun 50 million dollar ajratiladi.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar