Daryo

Avstriya maktablarida 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarga hijob taqiqlandi

Taqiqqa amal qilmaslik 800 yevrogacha jarima undirishga sabab bo‘lishi mumkin.

1 daqiqa o‘qish2 153 ko‘rishlar0 izoh0

Avstriya maktablarida 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarning ro‘mol o‘rashi rasman taqiqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ushbu cheklov hukmron koalitsiya tomonidan taklif etilgan, u hijob va burqaga taalluqli. Rasmiylar bu qarorni “qizlarning erkinligini himoya qilish” maqsadi bilan izohlamoqda. Tegishli qonun dekabrda parlamentda qabul qilingandi. Parlamentdagi eng kichik fraksiya — so‘l qanotdagi “Yashillar” tashabbusga qarshi chiqqan.

Mamlakat musulmonlari manfaatini himoya qiluvchi Avstriya Islom diniy jamiyati bu taqiqni “insonning asosiy huquqlariga zid” deb baholadi. Ular bu masalani Konstitutsiyaviy sud darajasida ko‘rib chiqishga va’da berdi. Ma’lumot uchun, ushbu sud 2020-yilda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ro‘mol o‘rash boʻyicha qo‘yilgan avvalgi taqiqni Avstriyadagi diniy betaraflik tamoyiliga zid deb topib, bekor qilgandi.

Yangi tartibga koʻra, o‘qituvchilar darsga ro‘molda kelgan o‘quvchi va uning qonuniy vakillari bilan tushuntirish suhbatlarini o‘tkazishi shart. Qoidabuzarlik holatlari takrorlansa, bolalarni himoya qilish xizmati ogohlantiriladi. So‘nggi chora sifatida esa ota-onalar yoki vasiylarga 800 yevrogacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, Portugaliya prezidenti avgust oyida jamoat joylarida yuzni berkitishni taqiqlovchi qonunni tasdiqladi. O‘ng qanot vakillari tomonidan ilgari surilgan tegishli chora musulmon ayollarning yuzni to‘liq berkituvchi kiyimlarini taqiqlashni ko‘zda tutgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar