Daryo

Avstriya 14 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Tegishli qonun loyihasi iyun oyi oxirigacha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

2 daqiqa o‘qish3 425 ko‘rishlar0 izoh4

Avstriya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejasini e’lon qildi. Shu tariqa, ushbu mamlakat bolalar uchun milliy miqyosda cheklovlar joriy etishni ko‘rib chiqayotgan navbatdagi Yevropa Ittifoqi (YI) a’zosiga aylandi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Kansler Kristian Shtoker devonining raqamlashtirish bo‘yicha mas’ul mulozimi Aleksander Pryollning 27-mart, juma kuni ma’lum qilishicha, tegishli qonun loyihasi iyun oyi oxirigacha ishlab chiqiladi.

Uning ta’kidlashicha, foydalanuvchilarning shaxsiy hayot daxlsizligini saqlagan holda yoshini aniqlash imkonini beruvchi “texnik jihatdan zamonaviy usullar”dan foydalaniladi. Hozircha parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘lgan ushbu tartib qachondan kuchga kirishi aniq emas.

2025-yilning dekabr oyida Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlagan edi. Maqsad — yosh avlodni zararli kontent va ekranga haddan tashqari bog‘lanib qolishdan himoya qilish. Shuningdek, Indoneziyada ham shunga o‘xshash taqiq shu haftaning 28-mart kunidan kuchga kirishi kutilmoqda.

Fransiya parlamenti yanvar oyida 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun taqiqni ma’qulladi. Qonun sentyabr oyida, yangi o‘quv yili boshida kuchga kiradi. Ispaniya o‘tgan fevral oyida 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun cheklovlar rejasini e’lon qildi.

Daniya o‘tgan kuzda 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun taqiq bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Buyuk Britaniya hukumati ham yanvar oyida o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqishini bildirgan edi.

Ozarbayjonda esa bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solish bo‘yicha parlament eshituvini o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan. Qozog‘istonda ham bu masala ko‘rib chiqilmoqda.

Avstriyaning uch partiyadan iborat markazchi koalitsiyasi ham endilikda ushbu global tendensiyaga qo‘shildi.

“Bugun mamlakatimiz bolalari uchun xayrli kun. Kelajakda biz bolalar va yoshlarni ijtimoiy media platformalarning salbiy ta’siridan qat’iyat bilan himoya qilamiz. Ushbu platformalar bolalarimizni qaram qilib qo‘yishiga va ko‘pincha kasallantirishiga qarab turmaymiz”, dedi vitse-kansler Andreas Babler matbuot anjumanida.

Hukumat ushbu taqiq bilan bir qatorda maktablarda media-savodxonlik va sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘yicha ta’limni kuchaytirishni ham rejalashtirmoqda.

Ushbu bayonot Meta va Google kompaniyalari yosh foydalanuvchilarni qaram qilib qo‘yadigan algoritmlar yaratgani uchun sud tomonidan 6 million dollar miqdorida jarimaga tortilganidan so‘ng yangradi. Yevropa Ittifoqi butun blok bo‘ylab yanada qat’iy choralar ko‘rishga chaqirmoqda.

Noyabr oyida Yevropa Parlamenti ijtimoiy tarmoqlar, video almashish platformalari va sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalanish uchun Yevropa miqyosida minimal yoshni 16 yosh etib belgilash bo‘yicha tavsiyaviy rezolyutsiyani taklif qilgan edi. Yevroparlament deputatlariga ko‘ra, 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ushbu platformalarga faqat ota-onalarining roziligi bilan kirishi mumkin bo‘ladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar