Daryo

Shifokorlar adashdi: Britaniyada 7 yoshli bolada insult yuz berganini ChatGPT aniqlay oldi

Bola suzish vaqtida tanasining chap tomonida uvishish va holsizlik sezgan. Onasi ChatGPT’dan maslahat so‘raganida sun’iy intellekt bu insult belgisi bo‘lishi mumkinligini bildirib, shifokorga borishni tavsiya qilgan. Biroq shifokorlar ko‘rikdan so‘ng bolani uyiga jo‘natgan.

2 daqiqa o‘qish13 916 ko‘rishlar0 izoh0

Buyuk Britaniyada 7 yoshli bolada insult yuz berganini ChatGPT aniqlay oldi. Bu haqda Metro’ga tayanib “Zakon.kz” xabar berdi.

Voqea 2026-yil may oyida yuz bergan. Britaniyalik ayolning 7 yoshli o‘g‘li suzish vaqtida tanasining chap tomonida uvishish, “chumoli yurgandek” his va holsizlik borligini aytgan.

Shundan so‘ng ona ChatGPT’dan bu alomatlar nimadan kelib chiqishi mumkinligini so‘ragan. Sun’iy intellekt insult ehtimolini ko‘rsatib, bolani shifokorga olib borishni tavsiya qilgan.

Ona bolani shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rikdan so‘ng shifokorlar uni uyiga jo‘natgan.

Keyingi haftalarda bolaning ahvoli yomonlashgan. 25-iyun kuni u ko‘ngli aynib uyg‘ongan, alahsiray boshlagan, atrofdagilarga javob bermagan va deyarli harakatlana olmagan.

“Bolam uyg‘onib, o‘zini yomon his qilayotganini aytdi, keyin bir necha marta qayt qildi. U juda gangib qolgan edi: kulardi, yura olmasdi, gavdasini tutib turolmasdi, ko‘zlari yumilgan edi. U gaplarimga umuman javob bermasdi”, deydi bolaning onasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bola tinmay so‘lak oqizgan. Dastlab ona o‘g‘lining ahvoli yomonlashganini Buyuk Britaniyada kuzatilgan kuchli issiq havo bilan bog‘lagan. O‘sha kuni havo harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan.

“Harorat 38 daraja bo‘lgan kuni hammasi issiq tufayli bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagandim”, dedi u.

Biroq bolaning shifoxonada ahvoli juda og‘irlashgan. Onasining aytishicha, unda tirishishga o‘xshash belgilar kuzatilgan va bola og‘riqdan qichqirgan. Shundan keyingina yaqinlarining qat’iy talabi bilan unga to‘liq tibbiy tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasida miya arteriyalaridan biri to‘silib qolgani va bu ishemik insultga sabab bo‘lgani aniqlangan.

Bola zudlik bilan ixtisoslashtirilgan klinikaga olib ketilgan va uch hafta davomida sun’iy koma holatida saqlangan. Shifokorlar uning sog‘ayishi ehtimolini juda past baholagan. Eng yaxshi holatda bola o‘ng qo‘li bilan tugma taqa olish darajasida tiklanishi mumkinligi aytilgan.

Shunga qaramay, 11-avgust kuni bola shifoxonadan chiqarilgan. Hozir u yurish va gapirishni qaytadan o‘rganmoqda. Biroq miyaga yetgan zarar uning rivojlanishida jiddiy ortga ketishga olib kelgan. Hozirda onasi uning reabilitatsiyasi bilan shug‘ullanmoqda.

Shifoxonalar birlashmasi vakili oiladan rasman uzr so‘ragan va shifokorlar insultni dastlabki bosqichda nima sababdan aniqlay olmaganini o‘rganish uchun ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Xitoyda fermer sun’iy intellekt tavsiyasiga amal qilib, qariyb 10 gektar maydondagi kunjut hosilini tasodifan yo‘q qilib yuborgan edi. Anxoy provinsiyasida yashovchi 67 yoshli fermer taxminan bir yildan beri sun’iy intellekt (SI) dan foydalanib kelgan. U ekin ekish va o‘g‘itlash muddatlaridan tortib pestitsidlardan foydalanishgacha bo‘lgan masalalarda SIdan maslahat olgan.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar