Daryo

Ijtimoiy reyestrdan chiqarish kambag‘allik qisqarganini anglatmaydi — IHMA

Ijtimoiy himoya inspeksiyasi tomonidan reyestrdan chiqarilgan oilalar bo‘yicha nazorat ishlari olib borilib, qabul qilingan qarorlarning belgilangan mezon va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilmoqda.

1 daqiqa o‘qish5 758 ko‘rishlar0 izoh0

Tarmoqlarda fuqarolarni Ijtimoiy reyestrdan chiqarish bilan bog‘liq turli fikrlar bildirilayotgani sababli Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, oilalar daromadini oshirish va ularni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Agentlikka ko‘ra, oilaning Ijtimoiy reyestrdan chiqarilishi uning kambag‘allikdan chiqqanini anglatmaydi. Reyestrning asosiy maqsadi ehtiyojmand aholini aniqlash, ularni ijtimoiy himoya bilan qamrab olish hamda zarur yordam va xizmatlarni ko‘rsatishdan iborat.

Shu sababli oilalarni reyestrdan chiqarish belgilangan reja yoki ko‘rsatkichni bajarish uchun emas, balki ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati amalda yaxshilangani va belgilangan mezonlarga javob bergani asosida amalga oshirilishi kerak.

Ma’lum bir hududdagi kambag‘allik darajasi esa Jahon banki metodologiyasi asosida belgilangan standartlar bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rovlar natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya inspeksiyasi tomonidan reyestrdan chiqarilgan oilalar bo‘yicha nazorat ishlari olib borilib, qabul qilingan qarorlarning belgilangan mezon va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilmoqda.

Agentlikning ta’kidlashicha, asosiy maqsad fuqarolarni reyestrdan chiqarish emas, balki oilalarni haqiqatan ham kambag‘allikdan chiqarish va ehtiyojmand fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi majlisda yil yakuniga qadar Ijtimoiy reyestrga kiritish tizimini takomillashtirish, bunda oilalarning daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlashi kabi omillarni hisobga oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tish topshirilgandi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etmoqda. Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida kelasi yildan reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi, yo‘lkira va oliygoh yotoqxonasi xarajatlarini vaucher orqali qoplash ham ko‘zda tutilmoqda.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar