Nyu Yorkdagi LaGuardia xalqaro aeroportida 1-oktyabr kuni 2 ta Delta Air Lines aviakompaniyasiga qarashli samolyot taksi yo‘lagida to‘qnashib ketdi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida samolyotlar sekin harakatlanayotgan bo‘lgan. Nyu York va Nyu Jersi port boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:00 da yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 5155-reys qanoti 5047-reysning fyuzelyaj qismiga tegib ketgan.
To‘qnashuv oqibatida bir nafar bort kuzatuvchi yengil tan jarohati olgan va voqea joyida tez yordam xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Keyinchalik, u shifoxonaga olib ketilgan. Delta’ning qo‘shimcha qilishicha, 5155-reys bortida jami 32 kishi — 28 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 5047-reysda esa 61 kishi — 57 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
5047-reys bortida bo‘lgan CBS News jurnalisti boshqa samolyot qanotining shikastlanganini mobil telefonida videoga olgan. Videoda uchuvchilardan biri yo‘lovchilarga murojaat qilib, shunday degan:
“O‘ylashimcha, boshqa samolyot bizni urib yubordi”.
Hozircha to‘qnashuv sabablari noma’lumligicha qolmoqda. Yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va avtobuslarda terminalga yetkazilgan. Ularga mehmonxonalardan joy ajratilgan va yangi reyslar bilan manzillariga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.








