Daryo

American Airlines yo‘lovchisi samolyotda janjal chiqargani uchun o‘rindiqqa skotch bilan bog‘lab qo‘yildi

Dallasdan Nyuarkka uchayotgan samolyotda erkak bort kuzatuvchisini haqorat qilib, yo‘lovchilarga tashlandi. Bezori tufayli reys boshqa joyga qo‘ndi va u politsiyaga topshirildi.

1 daqiqa o‘qish6 980 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHda Dallasdan Nyuark shahriga uchayotgan American Airlines samolyotida yo‘lovchi bort kuzatuvchisini haqorat qildi va boshqa odamlarga tashlandi. Shundan so‘ng u ushlanib, o‘rindiqqa skotch bilan bog‘lab qo‘yildi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak o‘zini mast odam kabi tutgan. U baqirgan, Iso payg‘ambar va do‘zax haqida gapirgan hamda bort kuzatuvchini haqorat qila boshlagan. Keyinroq u yonida o‘tirgan yo‘lovchini urgan va mojaroga aralashmoqchi bo‘lgan ayolni itarib yuborgan.

Shunda bir nechta yo‘lovchi birgalikda uni ushlagan va erkakni skotch hamda plastik bog‘ichlar yordamida o‘rindiqqa qimirlamaydigan qilib bog‘lab qo‘ygan.

Samolyot yo‘nalishini Baltimorga o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. U yerda erkakni politsiya qo‘lga olgan. Shundan so‘ng samolyot Nyuarkka parvozni davom ettirgan.

American Airlines bezori yo‘lovchi sababli samolyot majburiy qo‘nganini tasdiqladi. Kompaniya bortda zo‘ravonlikka toqat qilinmasligini bildirdi. Hozirda erkak tajovuz qilish va jamoat tartibini buzish moddalari bo‘yicha tekshirilmoqda.

Kuni kecha Qozog‘istonda pensioner bomba haqidagi hazili uchun samolyotdan tushirib qoldirilgani haqida xabar berilgandi. Olmaota—Oqtov reysi yo‘lovchisi yukida portlovchi modda borligiga shama qilgan. Tekshiruvlar davomida hech qanday taqiqlangan buyum topilmagan, biroq fuqaroga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar