Daryo

Daniya keskinlik ortishi fonida Grenlandiyaga askarlar yubordi

Mamlakat AQSH bilan yuzaga kelgan diplomatik kelishmovchiliklar va hududdagi geosiyosiy taranglik fonida Arktikadagi o‘z mavqeyini mustahkamlashga kirishdi. Mamlakat yaqin tarixdan beri birinchi marta xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni Grenlandiya hududiga safarbar qildi.

2 daqiqa o‘qish6 427 ko‘rishlar0 izoh0

Yaqin tarixdan beri ilk bora Daniya xizmatga chaqirilgan askarlarini Grenlandiyaga yubordi. Daniya bu qarorni AQSHning ushbu hududga egalik qilish talablaridan so‘ng Arktikadagi o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun qabul qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlikni bahona qilib Grenlandiyani sotib olishga qayta-qayta urindi. U Kopengagenni Arktika mudofaasiga e’tiborsiz qarashda aybladi. Daniya va Grenlandiya bu g‘oyani qat’iyan rad etdi.

Askarlar Daniyaning kengaytirilgan chaqiruv dasturi bo‘yicha tayyorlangan birinchi guruhdir. Dastur qirollikning eng muhim va murakkab hududida xizmat qila oladigan askarlarni tayyorlashga qaratilgan.

“Biz faqat o‘zimizni emas, Grenlandiya xalqini ham o‘ylayapmiz”, dedi 19 yoshli askar Devid Reuters agentligiga.

Daniya mudofaa vaziri mintaqaga yillar davomida yetarlicha mablag‘ ajratilmaganini tan olgan. Shundan so‘ng Kopengagen Arktika mudofaasini kuchaytirish uchun milliardlab dollar ajratishga va’da berdi.

“Albatta, biz Grenlandiya bo‘yicha strategik aloqalarning bir qismimiz. Ammo bu yerdagi vazifamiz askarlarni tayyorlashni davom ettirishdir. Arktika iqlimida va sharoitida tajriba oshirishimiz kerak”, dedi rota komandiri, kapitan Laura Yepsen.

Askarlar Arctic Endurance deb nomlangan harbiy mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Bu Daniya harbiylarini o‘ta sovuq ob-havoda omon qolish va jang qilishga o‘rgatadi. Bu mashg‘ulotlar Arctic Sentry missiyasining bir qismidir.

NATO bu missiyani 2026-yilda mintaqadagi o‘rnini kuchaytirish uchun boshladi. Bu Trampning bayonotlaridan so‘ng alyans ichidagi taranglikni yumshatishga ham xizmat qiladi.

Arktikada eng katta harbiy kuchga ega bo‘lgan Rossiya NATOning bu yerdagi faolligini tanqid qiladi. Moskva buni xavfsizlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid va to‘qnashuv xavfini oshiruvchi harakat deb baholaydi. Foydali qazilmalarga boy bu mintaqada Xitoy ham o‘z faoliyatini oshirdi. Mamlakat buni asosan Moskva bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Avvalroq Tramp “Grenlandiya Daniya uchun emas, AQSH uchun muhim”, deya orolni qo‘shib olish g‘oyasini ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Oq uy rahbari hudud dunyo xavfsizligini ta’minlash uchun kerakligini aytgan. Daniya bosh vaziri o‘z muxtoriyati — Grenlandiyaning har bir qarichini himoya qilishga so‘z bergandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar