Grenlandiya va Daniyada minglab odamlar AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani qo‘lga kiritish rejalariga qarshi norozilik namoyishlariga chiqdi.
Grenlandiya va Daniya nodavlat tashkilotlari tomonidan uyushtirilgan ushbu norozilik namoyishlari Daniyaning bir qator shaharlarida, jumladan Kopengagenda, shuningdek, Grenlandiya poytaxti Nuukda o‘tkazilgan.
Kopengagendagi norozilik namoyishlarida odamlar “Grenlandiyadan qo‘lingni tort”, “Yankilar, uyingizga qayting!” va “Grenlandiya sotilmaydi” degan yozuvli plakatlarni ko‘tarib yurishgan.“Biz Daniya qirolligiga va Grenlandiyaning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga hurmat ko‘rsatilishini talab qilamiz”, dedi Grenlandiya uyushmalarini birlashtiruvchi Inuit tashkiloti rahbari Kamilla Sizing.
Nuukda Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen “Grenlandiya sotilmaydi” va “Kelajagimizni o‘zimiz belgilaymiz” degan yozuvli plakatlar bilan AQSH konsulligiga yo‘l olgan namoyishchilarga qo‘shilgan.“Biz daniyalik bo‘lishimiz va Daniyada yashashimizga qaramay, biz birdammiz, katta birdamlikni his qilamiz va bu vaziyatdan haqiqatan ham g‘azabdamiz. Biz hammamiz Amerika prezidentining xayoliga bunday g‘oyalar kelishi mumkinligidan hayratdamiz”, dedi Kopengagendagi norozilik namoyishiga kelgan daniyalik rejissyor Sharlotta Saks Bostrup.
Jamoatchilik fikri so‘rovlariga ko‘ra, Grenlandiya aholisining 85 foizi hududning AQSHga qo‘shilishiga qarshi.“Biz tashvishlanamiz va shunchaki o‘zimiz bo‘lib qolishni, bu yerda o‘z hayotimizni yashashni xohlaymiz”, dedi Nuukdagi norozilik namoyishiga kelgan Alan Amstrup.
17-fevral kuni Tramp Grenlandiyani qo‘shib olish rejasiga qarshi chiqayotgan Yevropa davlatlari tovarlariga bojlar joriy etishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya tovarlariga 10 foizlik Amerika boji solinadi.
AQSH prezidenti bundan tashqari 1-iyundan bojlar 25 foizgacha oshirilishi va Qo‘shma Shtatlar “Grenlandiyani to‘liq va mutlaq sotib olish” bo‘yicha kelishuvga erishmaguncha saqlanib qolishi bilan tahdid qilgan.
- NATO ichidagi inqiroz va harbiy harakatlar
Trampning NATOning eng qudratli a’zosi boshqa bir a’zo davlat hududini sotib olishi yoki qo‘shib olishi haqidagi bayonotlari Yevropaning xavfsizlik alyansini inqiroz yoqasiga keltirib qo‘ydi. Yevropa davlatlari ushbu tashabbusdan g‘azabda. Daniya Grenlandiyaga qilingan hujum amalda NATOni tugatishini ma’lum qildi va chorshanba kuni u yerda o‘z harbiy ishtirokini NATO ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikda kengaytirayotganini e’lon qildi.
Shu haftaning o‘zida Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiya orolga o‘z harbiy xizmatchilarini yuborayotganini rasman tasdiqladi. Shuningdek, Tramp orolni sotib olish variantini ham istisno etgani yo‘q. Tahlilchilar bu orolni sotib olish taxminan 700 milliard dollarga tushishi mumkinligini aytmoqda. Bu esa AQSH Urush vazirligining yillik xarajatlarining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.








