Ispaniyaning “Real” klubi himoyachisi Raul Asensio mast holda avtomobil boshqargani uchun jarimaga tortildi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilindi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bergan.
Hodisa o‘tgan 2025-yilning avgust oyida Gran-Kanariya orolida sodir bo‘lgan. Futbolchi to‘xtatilib, tekshirilganda uning qonida spirtli ichimlik miqdori me’yordan yuqori ekani aniqlangan. Sud qaroriga ko‘ra, Asensio 14,4 ming yevro miqdorida jarima to‘laydi hamda 8 oy muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etildi.
Shuningdek, yaqin kunlarda Asensio va “Real” akademiyasining yana uch nafar sobiq futbolchisiga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Ular ikki ayolning roziligisiz intim mazmundagi videolarni tarqatganlikda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Asensio 23 yoshda bo‘lib, “Real” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2024-yildan beri asosiy jamoa sharafini himoya qilib keladi va madridliklar tarkibida 2024-yili Qit’alararo kubok sohibiga aylangan.








