Daryo

Podyezdlarga konditsioner qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi

O‘zbekistonda 16-noyabrdan ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kuchga kiradi.

3 daqiqa o‘qish12 670 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi qoidalar 2026-yil 16-noyabrdan kuchga kiradi.

Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarni saqlash va ulardan foydalanishda mulkdorlar huquq va majburiyatlarga oid qoidalardan ijarachilar va xonadonni ijaraga oluvchilar so‘zlari chiqarib tashlandi. Endi mulkdorlar o‘zlari ijaraga bergan ko‘p kvartirali uylardagi joylardan foydalanayotgan ijarachilar belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlaydi.

Bunday talablar qatoriga umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash, shuningdek, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash, elektr va issiqlik energiyasining, suvning, gazning sirqib chiqishiga va behuda sarflanishiga yoʻl qoʻymagan holda ulardan tejamli foydalanish, tegishli ruxsatnomasiz har xil imoratlar va inshootlarni oʻzboshimchalik bilan qurmaslik kabilar kiradi.

Koʻp kvartirali uyning fasadlarida yuzaga keladigan va foydalanish jarayonida bartaraf etilishi zarur boʻlgan nuqsonlar boshqarish organi tomonidan 1 oy ichida taʼmirlash yoki almashtirish orqali bartaraf etilishi lozimligi belgilandi.

Bunday nuqsonlarga quyidagilar kiradi:

  • qoplama, suvoq, fakturali va boʻyoq qatlamlarining ajralishi, shikastlanishi va yemirilishlar;
  • suvoq qatlamida yoriqlar paydo boʻlishi;
  • tarnovlarning buzilishi oqibatida nam dogʻlar paydo boʻlishi, tuzlarning ajralib chiqishi hamda fasad yuzasining umumiy ifloslanishi.
Amaldagi tartibda bunday nuqsonlarni boshqaruv organi zudlik bilan bartaraf etishi belgilangan.

Infratuzilma obyektlarini yoritish majburiyati chiqarib tashlandi

Boshqaruv organlari tomonidan podyezd devorlarini oyiga kamida bir marta yuvishi talabi bekor qilindi. Amaldagi qoidada boshqarish organi koʻp kvartirali uy atrofi, kirish yoʻlaklari, uyga tutash yer uchastkasi, shuningdek, umumiy foydalanishdagi joylar hamda infratuzilma obyektlarini chiroqlar bilan yoritilishini hamda ularning soz holatda saqlanishini taʼminlashi lozim. Endi infratuzilma obyektlarini yoritish majburiyati ushbu qoidalardan chiqarib tashlanadi.

Yangilangan qoidalarga ko‘ra, boshqarish organi issiqlik oʻtkazuvchi quvurlarning issiqlik izolyatsiyalarini but holatda saqlanishini (ko‘p kvartirali uylarning yertoʻla qismidan tranzit tarzda oʻtadigan magistral issiqlik tarmoqlari bundan mustasno) ta’minlaydi. Ko‘p kvartirali uylarning yertoʻla qismidan tranzit sifatida oʻtadigan magistral issiqlik tarmoqlarida nosozliklar aniqlangan taqdirda, boshqarish organi bu haqda issiqlik ta’minoti tashkilotini xabardor qiladi va ularga xizmat ko‘rsatish uchun kirish imkoniyatini ta’minlaydi.

Podyezdlarda konditsioner qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi

Sovutish va isitish qurilmalarining jihozlarini (split) kirish yo‘laklariga (podyezdlarga) o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Bunday jihozlarni balkon yoki lodjiya ichki qismiga binoning tashqi koʻrinishini buzmaydigan tarzda oʻrnatishga yoʻl qoʻyilishi bilan bog‘liq norma saqlanib qoldi.

Liftlardan foydalanish va ularni saqlash

Yangilangan qoidaga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi organlar liftlarni butun ekspluatatsiya muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashi kerak. Lift texnik xizmat ko‘rsatish yoki ta’mirlash uchun to‘xtatilgan vaqt bundan mustasno.
Liftlar ishi ustidan dispetcherlik nazorati o‘rnatiladi. Bunda kabinalarda operatorni chaqirish va ikki tomonlama ovozli aloqa uchun yorug‘lik va ovozli signalizatsiya bo‘lishi shart. Aloqa vositalari doim soz holatda saqlanishi lozim.

Shuningdek, shaxta, mashina yoki blok xonasi eshiklarining ochilishi va yopilishini bildiruvchi yorug‘lik signalizatsiyasi ham o‘rnatiladi.
Boshqaruv organlari lift jurnalini uning butun ekspluatatsiya muddati davomida saqlashi, har oy texnik xizmat ko‘rsatishi va yiliga bir marta davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning liftlardan xavfsiz foydalanishini ta’minlash va taqiqlangan yuklarni tashishga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Lift kabinasida liftdan foydalanish qoidalari hamda quyidagilar ko‘rsatilgan lavha osilishi kerak:

  • liftning nomi (maqsadi bo‘yicha);
  • yuk ko‘tarish qobiliyati (ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni bilan);
  • “Xavfsiz lift” elektron platformasidagi qayd raqami va davriy texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki avariya xizmati bilan aloqa qilish uchun telefon raqami.
Lift shaxtasi, mashina xonasi va unga kirish joyi bo‘sh va yorug‘ bo‘lishi lozim.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan bu qoidalar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar