Navoiy viloyati Karmana tumanida xonadonga bostirib kirib, qizga pichoq tiragan va uning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, qimmatbaho buyumlarni olib ketgan xavfli retsidivist 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Fuqaro 2026-yil 23-aprel kuni o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida tumandagi xonadonlardan biriga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. U yuziga oq rangli doka niqob taqib, oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda yotoqxonada yotgan yosh qizga hujum qilgan.
Jabrlanuvchi faol qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng sudlanuvchi uni xonada bo‘lgan charm tasma yordamida qo‘l-oyoqlaridan bog‘lab, pichoq bilan qo‘rqitgan va pul qayerdaligini so‘ragan.
“Tintishni boshladi. Shkafdan sumkaning ‘remen’ini olib, qo‘limni bog‘ladi. Keyin yana pichoqni tirab, pul qayerdaligini so‘radi”, deya jabrlanuvchi sud jarayonida voqeani so‘zlab berdi.
Bosqinchilikni sodir etgan shaxs xonadondan tilla buyumlar va taqinchoqlarni olib, voqea joyidan qochgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u bir kun o‘tib qo‘lga olingan va sudgacha hibsda saqlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “b” bandida (bosqinchilik, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topildi. Unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
2026-yil iyul oyida Samarqandda bankka bostirib kirib, pul talab qilgan niqobli shaxs qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Muzokaralardan so‘ng tartibbuzar o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagan.








