Daryo

Real Sanjikka oid jinoyat ishi sudga oshirildi

Jinoyat ishi 10-aprel kuni birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqiladi. Unga bir nechta moddalar, jumladan, firibgarlik, tahdid va giyohvandlik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.

1 daqiqa o‘qish7 359 ko‘rishlar0 izoh3

Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi sudga oshirildi. Birinchi instansiya sudi 10-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda sud majlislari jadvali orqali xabar berildi.

Sud materiallariga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari — 112-modda 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 168-modda 4-qismi (firibgarlik) hamda 273-modda 2-qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar) bilan ayblov qo‘yilgan.

Sud jarayoniga raislik qiluvchi sudya sifatida Berdiev Bahrom Baxtiyorovich belgilangan. Jinoyat ishida 2 kishi jabrlanuvchi sifatida keltirilgan. Mazkur jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilishi belgilangan bo‘lib, sud majlisi 15:00 ga tayinlangan.

Voqealar rivoji

2024-yil avgust oyida Toshkentda bo‘lajak kuyov Shahzod Rismatov kelin tomonining ishonchiga kirib, ularning uyini garovga qo‘yish bahonasida aldov yo‘li bilan boshqa shaxsga sotib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davomida u boshqa bir nechta firibgarlik epizodlarida ham ishtirok etgani aniqlangan.

Sud jarayonlari davomida mazkur uy oldi-sotdisida bloger Sanjar Karimov (Real Sanjik) nomi ham tilga olinib, jabrlanuvchilar va advokatlar uning harakatlariga huquqiy baho berishni so‘ragan. Sud esa ushbu holatni alohida o‘rganish uchun materiallarni prokuraturaga yuborgan va Karimovning ishtiroki yuzasidan tekshiruv boshlangani ma’lum qilingan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2025-yil noyabr oyida Sanjar Karimov qo‘lga olinib, unga nisbatan o‘ldirish bilan qo‘rqitish, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar va boshqa holatlar yuzasidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llangan. Keyinchalik tergov yakunlanib, unga oid jinoyat ishi sudga oshirildi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar