Daryo

Mandat natijalari: abituriyentlarning 37,5 foizi minimal ball to‘play olmagan

Ro‘yxatdan o‘tgan jami 677,9 ming abituriyentdan 209,1 ming nafari talaba bo‘ldi. Grant asosida o‘qishga kirish uchun o‘rtacha 134,6 ball, kontraktga esa 93,7 ball to‘plangan.

1 daqiqa o‘qish6 951 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistondagi oliygohlarga joriy kirish imtihonlarida 37,5 foiz abituriyent eng past ballni ham yig‘a olmadi. Bu haqda Oliy taʼlim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov 18-avgustda Toshkent shahrida o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri. 

Jurnalistlar bilan suhbatda vazirlik rasmiysi test sinovlarida minimal ball to‘playotgan abituriyentlar soni kamayib borayotganini taʼkidlagan.

“Joriy imtihonlarda jami 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past ball to‘plagan. Bu umumiy abituriyentlar sonining 37,54 foiziga teng. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda 41 foiz, 2024-yilda 43 foiz, 2023-yilda 46 foiz bo‘lgan. Yaʼni past ball oluvchilar soni yildan yilga kamayib bormoqda”, dedi u.

Sardor Rajabovga ko‘ra, bu yil davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun o‘rtacha 134,6 ball, kontraktga esa 93,7 ball to‘plangan.

Joriy o‘quv yilida 677,9 ming nafar abituriyent oliygohlarga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 389,1 ming nafari 56,7 balldan yuqori natija qayd etib, tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan. Ikkinchi bosqichda abituriyentlarga o‘z natijalaridan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yo‘nalishi va taʼlim shaklini tanlash imkoniyati berilgan. Natijada 357,6 ming nafar abituriyent o‘z tanlovini amalga oshirgan. 

Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan. Shundan 52,8 ming nafari davlat granti, 156,3 ming nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shuningdek, belgilangan imtiyozlar bo‘yicha alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar