Daryo

Humans ishi: sud majlisida da’vo talablari o‘qib eshittirildi

Humans ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan navbatdagi sud majlisida da’vo talablari aniqlashtirildi. Mazkur ish 13-avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida, sud majlisida javobgar taraf da’vo talablarini to‘liq rad etdi va o‘z vajlarini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish3 214 ko‘rishlar0 izoh0

Humans ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan navbatdagi sud majlisida da’vo talablari aniqlashtirildi. Mazkur ish 13-avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida, sud majlisida javobgar taraf da’vo talablarini to‘liq rad etdi va o‘z vajlarini bildirdi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil oxirida rahbariyat o‘rtasidagi mojarolar  hamda o‘zbekistonliklarga berilgan plastik kartalardan millionlab pullarning yechib ketilishi  ortidan Humans kompaniyasi jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Shundan so‘ng 2026-yilning dastlabki oylarida o‘zbekistonlik investorlardan biri ham kompaniya rahbariyatini sudga bergandi. U 12 million dollar investitsiya evaziga va’da qilingan 66 foizlik ulushni talab qilmoqda.

Da’vogar tarafning advokati Sherzod Abdulqosimovning aytishicha, keyingi sud majlisida sud muzokaralariga kirishiladi.

Javobgar tarafning keltirayotgan vajlariga keladigan bo‘lsak, birinchi sud majlislarida Vladimir Dobrinin Maksim Sditanovni oddiy ishchi sifatida ko‘rsatib, uni tanimasligini vaj qilib keltirgandi. Lekin biz tarafimizdan keltirilgan rasmlar va yozishmalar ko‘rsatilib, to‘lov cheklari taqdim etilganidan keyin o‘ylashimcha, ular bu vajdan voz kechishdi, dedi advokat.

Uning ta’kidlashicha, javobgar taraf advokatlari hozirgi kunga kelib Maksim Sditanov Humans ilovasi (Super App) dasturiy ta’minotining muallifi emas, degan vajni keltirmoqda.

Biz mualliflik huquqini talashmayapmiz. Humans ilovasi (Super App) dasturiy ta’minoti bormi? Bor. O‘sha dasturiy ta’minotga Maksim Sditanov pul tikkan. Tikkan pullarning aniq summasi bor, kelishuvi bor. Sudga uning nusxasini ham olib keldik. Kelishuvda ‘66 foizini beraman’, degan.

Yozishmalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mening fikrimcha, bunday holat bo‘lishini u avvaldan bilgan. Pul tikilgan bo‘lsa, investitsiya qilingan bo‘lsa, nega o‘sha vaqtda kelishuv shartnomasi qilib qo‘yilmagan, degan savollarga javobni o‘sha yozishmalardan topdim. Ya’ni investitsiyani jismoniy shaxs tomonidan emas, chet el kompaniyasi orqali kiritib, bir-ikkita nazorat organlaridan o‘tib olish rejasi bo‘lgan, dedi advokat Sherzod Abdulqosimov.

Sud majlisida javobgar taraf advokati da’vo talablariga asosan protsessual jihatdan e’tiroz bildirdi. Ular da’vo fuqarolik sudida emas, iqtisodiy sudda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik asosida ko‘rilishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq Adliya vazirligi Humans Lab va Humans Trading korxonalari Humans Application dasturiy ta’minotiga aloqador deb topgan edi.

Oʻzbekistondanman. Milliy universitetning jurnalistika fakultetida toʻrt yil amallab yurganman. Jurnalist boʻlish uchun diplom shart emas. “Daryo”da 2019-yildan beri xabar yozishga harakat qilaman. Sharof Boshbekovning “Yuzsiz” filmi qayta koʻrishga arziydi. Ulugʻbek Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji” kitobi soʻz haqidagi fikrlarimni parchalab tashlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar