Daryo

Nyu York meri Britaniyadan Ko‘hinur olmosini qaytarishni so‘radi

Kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan Zohran Mamdani qirol bilan uchrashish oldidan shunday bayonot berdi. Ko‘hinur asrlar davomida Boburiy shahzodalar, eronlik jangchilar, afg‘on hukmdorlari va panjoblik maharojalar qo‘lidan o‘tib, bahsli mavzu bo‘lib kelgan.

2 daqiqa o‘qish14 715 ko‘rishlar0 izoh10

AQSHning Nyu York shahri meri Zohran Mamdani qirol Charlz III bilan uchrashishidan bir necha soat oldin Buyuk Britaniyadan bebaho Ko‘hinur olmosini qaytarishni so‘radi. Bu haqda BBC xabar berdi.

105 karatli ushbu olmos Britaniya toj javohirlarining bir qismidir, ammo unga egalik qilish huquqi Hindiston tomonidan bahsli hisoblanadi. Hindiston bu olmos Britaniya hukmronligi davrida o‘g‘irlanganini ta’kidlagan.

“Agar men qirol bilan (tadbirdan tahqari) alohida gaplashadigan bo‘lsam, uni Ko‘hinur olmosini qaytarishga undardim”, dedi kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan Mamdani.

Qirol Charlz III va uning rafiqasi qirolicha Kamilla to‘rt kunlik tashrif bilan AQSHda bo‘lib turibdi. Mamdani yuqoridagi bayonotidan so‘ng qirol bilan uchrashgan. Ammo u Charlz III'ga olmos haqida gapirganmi yoki yo‘qmi noma’lum. Mamdani idorasi ham, Bukingem saroyi ham muloqot tafsilotlarini oshkor qilmagan.

Hindiston bir necha bor Ko‘hinurni qaytarishga harakat qilib, uni “milliy tariximizda mustahkam ildizlarga ega bo‘lgan qimmatli san’at asari” deb ta’riflagan. Ko‘plab hindlar Britaniyaning javohirga egalik qilishini mustamlakachilik davridagi talonchilik va adolatsizlik ramzi deb biladi.

Britaniya sobiq bosh vazir Devid Kemeron 2013-yilda marvaridni qaytarish ma’qul emasligini aytgandi. Fors tilida “Nur tog‘i” degan ma’noni anglatuvchi Ko‘hinur asrlar davomida Boburiy shahzodalar, eronlik jangchilar, afg‘on hukmdorlari va panjoblik maharojalar qo‘lidan o‘tib, bahsli mavzu bo‘lib kelgan.

Tosh dastlab Hindistonning Golkonda konlaridan topilgan. 1849-yilda Angliya-Sikh urushidan keyingi shartnoma asosida inglizlarga topshirilganda u 186 karat bo‘lgan. Shartnoma 10 yoshli Sikh hukmdori Dalip Singx tomonidan, onasi zindonga tashlanganidan so‘ng imzolangan.

1851-yilda Londondagi Butunjahon ko‘rgazmasida toshning an’anaviy atirgulsimon qirralangan shakli mehmonlarda katta taassurot qoldirmagan. Shu sababli u qayta sayqallanib, oval shakliga keltirilgan. Natijada yaltiroqligi ortgan, ammo og‘irligining qariyb 40 foizini yo‘qotgan.

Foto: Getty Images

105 karatli tosh hozirda qirolicha Yelizaveta tojiga o‘rnatilgan. Undan 1937-yilda qirol Jorj VI’ning toj kiyish marosimida foydalanilgan. Yelizaveta keyinchalik uni qizi Yelizaveta II’ning toj kiyish marosimida kiygan.

Bahsli olmos qirolicha Kamillaning toj kiyish marosimida qo‘llanmadi. O‘sha paytda Hindiston bilan diplomatik mojaro yuz berishi ehtimoli yuqori edi. Shu sababli Kamilla Londondagi Tauer qal’asidan keltirilgan qirolicha Mariya tojini kiygan.

Foto: Getty Images

Ma’lumot o‘rnida, AQSH rahbari Donald Tramp Buyuk Britaniya qiroli va qirolichasini kutib olish marosimida protokol qoidalarini buzgani uchun tanqidlar ostida qolgandi. Kuzatuvchilar Trampning xatti-harakatlariga e’tibor qaratib, uni monarxlarga nisbatan “hurmatsizlik”da ayblagan. Xususan, AQSH prezidenti qirolichaning yelkasiga qo‘l tekkizgan, shuningdek, Charlz III bilan qo‘l berib ko‘rishayotganda ustunlikni ifodalovchi “agressiv harakatlar” qilgan. Birinchi xonim Melaniya Tramp esa qirolichaning har ikki yuzidan bo‘sa olib salomlashgan.

Foto: PA Wire

Britaniya qirollik protokoliga koʻra, qirol yoki qirolicha bilan birinchi bo‘lib jismoniy aloqaga kirishish qat’iyan man etiladi. Faqat monarxlarning o‘zlari birinchi bo‘lib qo‘l uzatgan taqdirdagina qo‘l berib ko‘rishish mumkin. Qirollik oilasi a’zolarini quchoqlash yoki o‘pish odobdan emas va bu noo‘rin harakat hisoblanadi. Garchi ushbu qoidalarga rioya etish qonuniy majburiyat bo‘lmasa-da, u hurmat belgisi sanaladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar