AQSHning Vashington shtati sohillarida tashlab ketilgan qayiqda 60 ta mushuk topildi va qutqarib olindi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib CBS News xabar berdi.
Tashlandiq qayiq avgust oyi boshida Takoma shahridagi Ouen sohili yaqinida aniqlangan. Uzunligi 12 metr bo‘lgan bu qayiq bo‘yicha hozirda jinoyat ishi ochib, tergov olib borilmoqda.
“Barcha mushuklarni xavfsiz olib chiqqanimizga ishonsak-da, mushuk boqadiganlar yaxshi biladi: ular juda usta yashirinadi. Kemada yana mushuk qolgan bo‘lishi mumkin, shu sababli ish hali to‘liq tugagani yo‘q”, deb yozdi Takoma politsiyasi ijtimoiy tarmoqda.
Politsiya va hayvonlarni muhofaza qilish xizmati xodimlari bir hafta davomida kemani ko‘zdan kechirib, hayvonlarni ehtiyotkorlik bilan olib chiqdi. Shunday qilib, 11-avgust kuni oxirgi mushuk ham qutqarib olindi.
Huquq-tartibot xodimlari ilk bor 6-avgust kuni tashlab ketilgan kema haqida xabar topgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xavfli sharoitda yashayotgan o‘nlab mushuklarga duch kelgan.
Politsiya e’lon qilgan suratda o‘ndan ortiq mushuk kemaning bir burchagiga to‘planib olganini ko‘rish mumkin.
“Mushuklarning ko‘pchiligi qo‘rqib ketgan va och edi. Ularni qutqarish uchun sabr, g‘amxo‘rlik va katta jamoaviy mehnat talab etildi”, deyiladi politsiya xabarida.
Politsiya aholidan kemada yana mushuk ko‘rib qolishsa, yordam berishni so‘ramoqda. Shuningdek, odamlarga kema bortiga chiqmaslik uqtirildi. Hokimiyat kema egasi qaytib kelmasa, uni sohildan olib tashlashni rejalashtirmoqda.
Takoma shahrida amalda bo‘lgan qoidalarga ko‘ra, bir xonadonda ko‘pi bilan 6 ta mushuk yoki it boqilishi mumkin. Politsiya tergov tafsilotlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, bu holat hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va ularni qarovsiz qoldirish moddasi bo‘yicha baholanishi mumkin.
Avvalroq Tobi laqabli mushukchada 28 ta barmoq borligi aniqlanib jahon rekordi o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi. Bu me’yordan o‘ntaga ko‘p deganidir.








