Pentagon Isroilning AQSHga qarshi josuslik faoliyati kuchayganidan xavotirlanib, qarshi razvedka tahdidining eng yuqori darajasini belgiladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib NBC News telekanali xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda AQSH Urush vazirligi Razvedka boshqarmasi (DIA) Isroil va AQSH o‘rtasida Eron bilan urushdagi keyingi harakatlar yuzasidan ziddiyatlar kuchayib borayotgani fonida antirazvedka tahdidiga doir yangi baholash hisobotini tayyorlagan. Idoraning ichki xabarnomasida Isroil tomonidan kelayotgan tahdid darajasi “kritik” (o‘ta jiddiy) darajaga ko‘tarilgan.
Ta’kidlanishicha, bu qaror Pentagonning “Isroil yuqori martabali amerikalik amaldorlarni kuzatish orqali AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida Yaqin Sharq mojarolari bo‘yicha olib borilayotgan ichki muhokamalar va qarorlar qabul qilish jarayoni haqida ma’lumot olishga alohida harakat qilmoqda”, degan xavotirlari bilan bog‘liq.
Manbalardan biri DIA hisoboti yetti sahifali hujjat va tahliliy jadvaldan iborat ekanini qayd etgan. Hujjatda Amerika tomonining xavotirini kuchaytirgan bir qator aniq hodisalar keltirilgan.
Isroilning Vashingtondagi elchixonasi, o‘z navbatida, bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
“Isroil AQSHga qarshi josuslik qilmoqda, degan da’vo mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Isroil Amerika tuzilmalari, ayniqsa, AQSH hukumati vakillari to‘g‘risida razvedka ma’lumotlarini yig‘maydi”, deyiladi elchixona bayonotida.
Oq uy vakillari esa bu ma’lumotlar yolg‘on ekani va voqealardan mutlaqo bexabar manbalarning so‘zlariga asoslanganini ma’lum qilgan.








