Qatar hukumati 29-iyun kuni barcha turdagi qayiqlarning suzishi va baliq ovlashni vaqtincha to‘xtatishni tavsiya qildi. Bu cheklov keyingi ogohlantirishgacha amal qiladi. Biroq xalqaro konvensiyalarga bo‘ysunuvchi savdo kemalari bundan mustasno. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Mamlakat Transport vazirligining ma’lum qilishicha, bu ehtiyot chorasi gidrosikllar va boshqa barcha dengiz ulovlariga ham tegishli. Vazirlik cheklov sababini ochiqlamadi. Lekin bu qaror Qatarda sodir bo‘lgan fojiadan bir kun o‘tib qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, yo‘qolib qolgan qatarlik fuqaro mintaqadagi harbiy harakatlar oqibatida snaryad parchasidan yaralanib, halok bo‘lgan.
AQSH va Eron delegatsiyalari Dohaga kelmoqda
Eron va AQSH muzokarachilar guruhlari shu haftada Qatarning Doha shahriga kelishi kutilmoqda. Biroq 29-iyun kuni Eron tomoni hech qanday uchrashuv rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Dam olish kunlari ikki tomon o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berib, bu to‘rt oylik urushni tugatish uchun o‘rnatilgan vaqtinchalik sulhni xavf ostiga qo‘ydi.
AQSH matbuot kotibi Karolin Livittning bildirishicha, prezident Donald Tramp muzokaralar guruhiga rahbarlik qilish uchun kuyovi Jared Kushner hamda maxsus vakili Stiv Uitkoffni yubormoqda. Eron ham shu haftada Qatarga o‘zining texnik delegatsiyasini jo‘natadi.
Biroq Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning aytishicha, bu tashrifning amerikaliklarning kelishiga hech qanday aloqasi yo‘q. Ikki tomon o‘rtasida uchrashuv belgilangani yo‘q.








