Daryo

Toshkentdagi Oqtepa maydoni chorrahasida harakat tartibi o‘zgardi

Oqtepa maydoni chorrahasida transport vositalari uchun yangi chapga burilish yo‘nalishlari tashkil etildi. Natijada haydovchilar bosib o‘tadigan masofa qariyb 600 metrga qisqardi, Nurafshon va Muqimiy ko‘chalarida qayrilib olish jarayonida yuzaga keladigan tirbandliklarning oldi olindi.

1 daqiqa o‘qish3 581 ko‘rishlar0 izoh0

Transport vositalari harakatini qulaylashtirish, ortiqcha masofani qisqartirish va chorrahadagi tirbandliklarning oldini olish maqsadida Toshkent shahridagi Oqtepa maydoni chorrahasida yangi chapga burilish yo‘nalishlari tashkil etildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Avval Lutfiy ko‘chasidan Nurafshon va Seul ko‘chalari tomon harakatlanayotgan haydovchilar Muqimiy ko‘chasiga o‘tib, qayrilib olishlari talab etilardi. Endilikda ular chorrahadagi svetoforning tegishli ishorasi orqali qayrilib olmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilib, Nurafshon va Seul ko‘chalari tomon harakatlanishi mumkin.

Shuningdek, Samarqand darvoza ko‘chasidan kelayotgan transport vositalari uchun ham yangi chapga burilish imkoniyati yaratildi.

Oldinlari Samarqand darvoza ko‘chasidan Lutfiy va Muqimiy ko‘chalari tomon harakatlanish uchun Nurafshon ko‘chasiga kirib, qayrilib olish zarur edi. Endilikda haydovchilar svetoforning tegishli ishorasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilib, Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari tomon harakatlanishi mumkin.

Natijada haydovchilar bosib o‘tadigan masofa qariyb 600 metrga qisqardi, Nurafshon va Muqimiy ko‘chalarida qayrilib olish jarayonida yuzaga keladigan tirbandliklarning oldi olindi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, haydovchilarning harakatlanish vaqti odatiy soatlarda 4 daqiqagacha, kunning tig‘iz vaqtlarida esa 10 daqiqagacha qisqardi.

Shuningdek, piyodalar harakati xavfsizligi va qulayligini ta’minlash maqsadida piyodalar o‘tish yo‘laklari hamda piyodalar uchun svetoforlar tashkil etildi.

Bundan oldin Toshkentda asfalt yotqizish ishlari sabab ayrim koʻchalar vaqtincha yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkentdagi Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari chorrahasida svetofor qayta sozlangan edi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar