Toshkentda
173 mln dollarga issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yettita yangi kogeneratsiya majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Veolia Energy Tashkent kompaniyasining energiya ta’minotini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotiga ko‘ra, yangi kogeneratsiya majmualarining umumiy issiqlik quvvati 182 Gkal, elektr ishlab chiqarish quvvati esa 203 MVt ni tashkil etadi. Ular Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida joylashadi.
Loyiha bo‘yicha investitsiya kelishuvi iyul oyida imzolangan. Avgustda hukumat qarori qabul qilinadi, sentyabrda obyektlar uchun uskunalar yetkazib berilishi boshlanadi. Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi kogeneratsiya stansiyalarini dekabr oyida, qolganlarini esa 2027-yil yozida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Majmualar 66 ta ijtimoiy obyekt va 549 ta xonadonni, 66 ta ijtimoiy sohani issiqlik hamda elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Buning uchun 66 km elektr tarmoqlari, 141 km issiqlik tarmoqlari va 613 ta individual issiqlik punkti quriladi. Loyihada jami 50 ta doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Kogeneratsiya majmualari yiliga 1,4 mln Gkal issiqlik va 1,6 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bunda yiliga 107 mln kub metr gaz va 4,4 mln tonna suv tejaladi. Tejaladigan resurslarning umumiy qiymati 220 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvardagi qarorida Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimining chekka nuqtalaridan joy olgan 11 ta mahallada kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish belgilangandi. Prezident Chilonzor tumanida ishga tushirilgan shunday inshootini ko‘zdan kechirgandi.
Prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi farmonida Toshkent shahridagi 4 ta tumanda kogeneratsiya qurilmalarini ishga tushirish loyihasini amalga oshirish belgilandi. O‘sha yilning dekabrida Yunusobod tumanida
yirik quvvatli kogeneratsiya markazi barpo etildi. Davlat rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishgandi.
2026-yil iyulida oyida Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasida 5,8 mln dollar evaziga qurilgan kogeneratsiya markazini borib ko‘rdi.








