Daryo

Rossiyada Xitoy avtomobillari sifatsiz benzin sabab ishdan chiqmoqda

Hukumat yonilgʻi inqirozi tufayli “Yevro-2” standartidagi benzinidan foydalanishga ruxsat bergan. Undan foydalangan Haval, Chery, Jetour va shu kabi Xitoy avtomobillari egalari nosozlikdan shikoyat qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish6 102 ko‘rishlar0 izoh2

Rossiyada Xitoyning Haval, Chery, Geely, Changan, Exeed, Omoda va Jetour kabi avtomobillari egalari mashinalarini ommaviy ravishda avtoservislarga olib bormoqda. Bu haqda Mash Telegram kanali xabar berdi.

Shikoyatlar “Yevro-5” standarti talablariga javob beradigan benzin uchun mo‘ljallangan dvigatellar va yonilg‘i tizimlarining ishdan chiqishi bilan bog‘liq. Rossiya hukumati dron zarbalari oqibatida yuzaga kelgan yoqilg‘i inqirozi sababli “Yevro-2” standartidagi benzin ishlab chiqarishga ruxsat bergan. Hozir Xitoy avtomobillariga ham ushbu yonilg‘i quyilmoqda. Bunday benzin tarkibidagi oltingugurt miqdori “Yevro-5” standartidagi benzinga qaraganda 50 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Baklariga “Yevro-2” darajasidagi yonilg‘i quyayotgan rossiyaliklar Xitoy avtomobillarining zamonaviy dvigatellaridagi forsunkalar va yonilgʻi nasoslari ishdan chiqishiga duch kelmoqda. Bu datchiklarda dvigatel xatoliklari paydo bo‘lishi, avtomobilning tortish kuchi pasayishi, dvigatelning qiyin o‘t olishi va yonilg‘i sarfining ortishiga olib kelmoqda. Shunga qaramay, ayrim avtomobil egalari sifatsiz yonilg‘idan foydalanishda davom etib, “mashinani battar ishdan chiqarmoqda”.

Mash ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda avtoservislarga murojaatlar soni haftasiga 1–2 tadan 7–10 tagacha ko‘paygan. Ta’mirlash uchun taxminan 15 ming rubl (2 mln soʻmdan ziyod) sarflanmoqda. Ba’zi hollarda qimmatbaho ehtiyot qismlarini to‘liq almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda.

5-avgust kuni Energetika vazirligi Rossiya hukumati 2013-yilda taqiqlangan, tarkibida 1 kilogramm yonilg‘iga 500 milligrammgacha oltingugurt bo‘lgan “Yevro-2” benzinini ishlab chiqarish va mamlakatga olib kirishga ruxsat berganini ma’lum qildi. Ruxsatnoma 2027-yil 1-iyuligacha amal qiladi va “ichki bozorni avtomobil yonilg‘isi bilan barqaror ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tanqislikning oldini olishga” qaratilgan.

Mutaxassislarning fikricha, “Yevro-2”dagi oltingugurtning yuqori miqdori silindr-porshen guruhi, yonilg‘i apparaturasi, motor moyi, klapanlar va forsunkalar, shuningdek, katalitik neytralizatorga zarar yetkazadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar