Daryo

Pentagon NUJlarga oid yangi maʼlumotlarni maxfiylikdan chiqardi

U 16 ta video, rasmlar va hujjatlarni oʻz ichiga oladi. Videolardan birida 2025-yilda Yaqin Sharqdagi turar joy binolari ustidan uchib oʻtgan yumaloq shar aks etgan.

1 daqiqa o‘qish17 902 ko‘rishlar0 izoh5

AQSH Urush vazirligi nomaʼlum anomal hodisalar haqidagi materiallarning beshinchi qismini eʼlon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

U jami 41 ta fayl: 16 ta video, 3 ta tasvir va oʻnlab PDF hujjatlarni oʻz ichiga oladi. Ochiqlangan hujjatlarning eng eskisi 1953-yilga, eng yangisi esa joriy yilga tegishli. Hukumat kuzatilgan hodisalarning tabiati toʻgʻrisida yakuniy xulosaga kelmagan.

Eʼlon qilingan videolarda turli hodisalar tasvirlangan. Masalan, 2025-yilda Yaqin Sharqdagi turar joy binolari ustidan toʻgʻri chiziq boʻylab uchib oʻtgan yumaloq shar hamda 2021-yilda Ummon qoʻltigʻida paydo boʻlgan, diametri 1,2 metr keladigan toʻq rangli shar shular jumlasidandir. Boshqa bir videoda esa 2019-yilda Tinch okeani ustida qora shar koʻrinish berib, soʻng yoʻqolib qolgani va qayta paydo boʻlgani aks etgan.

Hujjatlarda 2023-yil oktyabrida AQSHning Boston shahridan Irlandiya poytaxti Dublinga uchgan uchuvchilarning guvohliklari keltirilgan. Ular tungi osmonda yoʻnalishini oʻzgartirib, goh yonib, goh oʻchuvchi gʻayritabiiy chiroqlarga duch kelganini aytgan.

Shuningdek, hujjatlarda sobiq harbiylarning 2011-yilda AQSHda burchaklarida chiroqlari bor ulkan toʻq rangli uchburchak shaklidagi obyektni koʻrgani haqida ham soʻz boradi. Boshqa videolarda nomaʼlum obyektlar togʻlar, shuningdek, kema yonidan uchib oʻtayotgani aks etgan.

NUJlar haqidagi munozara fevral oyida AQSH sobiq prezidenti Barak Obama podkastda mehmon boʻlganidan soʻng Amerika OAVda kun tartibiga chiqqandi. Boshlovchining yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarga ishonish haqidagi savoliga Obama “ular mavjud, lekin men ularni hech qachon koʻrmaganman”, deya javob bergan. Bu javob jamoatchilik eʼtiborini tortgan.

Shundan soʻng AQSH prezidenti Donald Tramp maxsus xizmatlar oʻzga sayyoralik sivilizatsiyalar haqidagi barcha maʼlumotlarni oshkor etishini aytgandi. Pentagon 8-may kuni 161 ta fayldan iborat birinchi maʼlumotlarni ochiqlab, ularni bosqichma-bosqich eʼlon qilishini bildirdi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar