Daryo

Tramp o‘zga sayyoraliklar haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashni buyurdi

AQSH prezidenti odamlarning bunga qiziqishi yuqori ekanini aytib, Pentagon rahbariga noma’lum uchar jismlar va hodisalarga oid hujjatlarni oshkor etishni topshirdi.

2 daqiqa o‘qish8 704 ko‘rishlar0 izoh16

AQSH prezidenti Donald Tramp federal idoralarga o‘zga sayyoraliklar, noma’lum uchar jismlar va hodisalar bilan bog‘liq hukumat fayllarini oshkor qilishni buyurdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tramp bu masalaga jamoatchilikning qiziqishi yuqori ekanini ta’kidladi. Shu sababli 20-fevral kuni Pentagon rahbari Pit Hegset va boshqa idoralarga bu ma’lumotlarni e’lon qilishni buyurdi.

Bundan oldin esa Tramp sobiq prezident Barak Obamani o‘zga sayyoraliklar haqida omma oldida gapirib, maxfiy ma’lumotlarni ochiqlaganlikda aybladi. U bunga hech qanday dalil keltirmadi va Obama “katta xato qilgani”ni aytdi. 

“U buni maxfiy ma’lumotlar orasidan oldi... bunday qilmasligi kerak edi”, dedi Tramp.

AQSH sobiq prezidenti Barak Obama 14-fevral kuni podkastda o‘zga sayyoraliklar mavjudligi ehtimoliga munosabat bildirgan edi.

“Ular bor, lekin men ularni ko‘rmaganman va ular... “51-hudud”da saqlanmayapti”, degan Obama.​

“51-hudud” Nevada shtatidagi Harbiy havo kuchlarining maxfiy obyekti bo‘lib, fitna nazariyachilari u yerda o‘zga sayyoraliklar jasadi va halokatga uchragan kosmik kema saqlanadi, deb taxmin qilib keladi. Markaziy razvedka boshqarmasining 2013-yilda e’lon qilingan arxiv hujjatlarida bu yer o‘ta maxfiy josuslik samolyotlari uchun sinov maydoni bo‘lgani aytilgan.

Obama o‘z bayonotlarida maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilganiga hech qanday dalil yo‘q.

“Prezidentligim davomida o‘zga sayyoraliklarning biz bilan aloqa o‘rnatganiga oid biron bir dalil ko‘rmadim. Haqiqatan ham!” dedi Obama podkastdan bir kun o‘tib Instagram’ga joylagan postida.

​Unda Obama koinotning bepoyonligi sababli Yerdan tashqarida hayot mavjud bo‘lishining statistik ehtimoli yuqori ekanini aytdi. Shu tariqa o‘zga sayyoraliklar borligiga ishonishini izohladi. U masofaning olisligini hisobga olib, o‘zga sayyoraliklarning Yerga tashrif buyurish ehtimoli past deb baholadi.

Obamani tanqid qilgan Tramp ham o‘zga sayyoraliklar mavjudligiga oid dalil ko‘rmaganini aytib, “Ular bor-yo‘qligini bilmayman”, deya ta’kidladi.

So‘nggi yillarda Pentagon noma’lum uchar jismlar haqidagi xabarlarni o‘rganib chiqdi. 2022-yilda yuqori martabali harbiy rahbarlar o‘zga sayyoraliklarning Yerga tashrif buyurgani yoki shu yerda halokatga uchraganiga oid hech qanday dalil topmaganini e’lon qildi.

Pentagonning 2024-yilgi hisobotida ham Ikkinchi jahon urushidan beri o‘tkazilgan tekshiruvlarda o‘zga sayyoraliklar texnologiyasiga oid hech qanday dalil topilmagani, kuzatilgan holatlarning aksariyati oddiy obyektlar va tabiiy hodisalar ekani qayd etilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar