Daryo

Pentagon nomi oshkor etilmagan donordan 130 mln dollar oldi

AQSH prezidenti donor bilan tanish ekanini aytdi, biroq kimligini ochiqlamadi. Mablag‘lar shatdaun fonida harbiy xizmatchilarga maosh to‘lashga yo‘naltiriladi.

2 daqiqa o‘qish2 643 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) davlat muassasalarining moliyaviy faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan (shatdaun) bir paytda o‘z ishini davom ettirish uchun 130 million dollarlik anonim xayriyani qabul qildi. Bu haqda Pentagon vakili Shon Parnellga tayanib, Politico xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat idorasi bunday miqdordagi mablag‘ni xayriya sifatida qabul qilish vakolatiga ega. Pullar harbiy xizmatchilarga maosh to‘lashga yo‘naltiriladi. Pentagon xayr-ehson qiluvchi AQSH fuqarosi yoki chet ellik ekanini ochiqlamadi.

Pentagon qoidalariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar yoki ularning oila a’zolari foydasiga 10 ming dollardan ortiq bo‘lgan har qanday xayr-ehsonlar ko‘rib chiqilishi kerak.

Shu tariqa xayriya qiluvchining jiddiy ta’sir ko‘rsatishi uchun manfaatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilinadi, deya ta’kidlaydi Politico.

  • Tramp: “Pentagonga xayriyani vatanparvar ‘do‘st’ berdi”

AQSH prezidenti Donald Tramp Pentagonning nomi oshkor etilmagan donori bilan tanish ekaniga ishora qildi. Biroq uning shaxsini oshkor etmadi. Tramp mablag‘lar topshirilishini e’lon qilar ekan, xayriyani qandaydir “do‘st” patriotlik tuyg‘usi tufayli qilganini aytdi.

Shuningdek, u yana bir bor Demokratik partiyani hukumat faoliyatining to‘xtab qolishida aybladi. Tramp shu sababli davlat idoralari, jumladan, Mudofaa vazirligi xodimlarga va ularga bo‘ysunuvchi harbiy bo‘linmalarga maosh to‘lashda muammo yuzaga kelganini ta’kidladi.

Qanday bo‘lmasin, taqdim etilgan mablag‘ barcha amerikalik harbiylarning maoshiga yetmaydi, deya ta’kidlaydi Politico.

Oktyabr oyining birinchi yarmida shunga o‘xshash xarajatlar taxminan 6,5 milliard dollarni tashkil etgan. Kelgusi haftada AQSH Kongressi harbiylar maoshi uchun mablag‘ ajratish imkonini beruvchi bir nechta qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berishi kutilmoqda.

  • Tramp davrida AQSH tarixdagi ikkinchi eng uzoq shatdaun bo‘lib o‘tmoqda

AQSHda 1-oktyabrdan boshlab navbatdagi moliya yili uchun byudjet bo‘yicha kelishuv yo‘qligi sababli bir qator davlat idoralari faoliyati rasman to‘xtatildi. Mamlakatda bunday hodisa “shatdaun” deb ataladi.

Voqealarning bunday rivojlanishiga demokratlar va Trampning Obamacare deb nomlanuvchi kambag‘al fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta dasturini moliyalashtirish bo‘yicha kelishmovchiliklari sabab bo‘ldi. AQSH Kongressidagi Demokratik partiya vakillari mamlakatning 2026-yilgi byudjetini tegishli bandlarsiz qabul qilishdan bosh tortdi. Garchi qonun chiqaruvchi organda respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etsa-da, ular demokratlar ovozisiz byudjetni qabul qila olmaydi.

Shatdaun fonida Tramp davlat xizmatchilarining keng ko‘lamli ishdan bo‘shatilishini e’lon qildi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 ta davlat idoralari, xususan, Moliya, Sog‘liqni saqlash va Ta’lim vazirliklaridan 4 200 dan ortiq davlat xizmatchilariga shartnomani bekor qilish to‘g‘risida bildirishnomalar kelib tushgan.

Bu AQSHda 2018-yil oxiri 2019-yil boshidan beri sodir bo‘lgan birinchi shatdaundir. O‘sha paytda Tramp prezidentlikning birinchi muddatida edi.

O‘shandagi byudjet inqirozi 35 kun davom etgan va AQSH tarixidagi eng uzoq shatdaun bo‘lgan. Bunga Trampning Meksika bilan chegarada devor qurish uchun byudjetdan milliardlab dollar ajratishni talab qilgani sabab bo‘lgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar