Endilikda uy-joy sotib olish uchun to‘langan pul to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga emas, balki bankdagi maxsus hisobvaraqqa tushishi mumkin. Bunday tartibni joriy etuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Loyihada ulushli qurilish ishtirokchilarining, shuningdek, davlat organlarining huquq, majburiyat va vakolatlariga oid qoidalar aniq belgilanadi. Xususan, ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini jalb qilish tartibi qonuniy asosga ega bo‘ladi.
Endi ulushdorlarning puli to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchi ixtiyoriga o‘tmaydi, balki bankda ochiladigan maxsus eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi. Qurilish belgilangan talablar asosida yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgandan so‘nggina mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi.
Quruvchiga qo‘yiladigan talablar qattiqlashadi. Qonun loyihasiga ko‘ra, quruvchi faqat quyidagi shartlarni bajargandagina aholi mablag‘ini jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi:
- Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi;
- vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan bo‘lishi;
- loyiha deklaratsiyasini rasman eʼlon qilgan bo‘lishi.
Agar quruvchi qonun talablarini buzgan holda mablag‘ jalb qilsa, ulushdor pulini qaytarib olish va undan foydalanilgani uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Talab belgilangan muddatda bajarilmasa, fuqaro sudga murojaat qilishi mumkin.
Loyihada qurilishning uzluksiz moliyalashtirilishini taʼminlash maqsadida, zarur hollarda vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish imkonini beruvchi mexanizmlar ham nazarda tutilgan. Bu — qurilishning to‘xtab qolishidan ulushdorlarni himoya qilishga xizmat qiladi.
Loyihaga ko‘ra, ulushli qurilishga oid barcha maʼlumotlar Yagona axborot tizimiga joylashtiriladi — bu fuqarolarga quruvchi, obyekt va loyihaning borishi haqida ochiq maʼlumot olish imkonini beradi. Shu bilan birga, qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari ham kuchaytiriladi.








