Isroil Gʻazoga gumanitar yordam kirishini cheklab, Misr bilan chegaradagi Rafah o‘tish punkti reja bo‘yicha ochilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Yahudiy davlati yordam oqimini yarmiga qisqartirgan. Buni garovga olinganlarning jasadlarini topshirish kechikayotgani bilan izohlagan. HAMAS jasadlar vayronalar ostida ekani va ularni olib chiqish vaqt talab etishini aytgan.
HAMAS 15-oktyabr kuni garovga olingan 4 kishining jasadini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi. AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri topshirilgan jasadlar soni 8 taga yetdi, 20 tasi haqida maʻlumot yoʻq.
Jasad qoldiqlari topshirilishni nazorat qiluvchi Qizil Xoch tashkiloti 14-oktyabr kuni G‘azo vayronalarida jasadlarni topish qiyinligini taʻkidladi. Bu “katta qiyinchilik” ekani va bir necha kun yoki hafta davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Ammo Isroil bunga keskin javob qaytarib, HAMASni ataylab kechiktirishda aybladi. Shuningdek, G‘azoga kirishga ruxsat etilgan yordam yuk mashinalari sonini kuniga 300 taga tushirdi. Bundan tashqari, Misrdan G‘azoga kiriladigan Rafah o‘tish punktini ochishni kechiktirdi. Har ikki qaror ham Donald Tramp vositachiligida tuzilgan sulh kelishuvini buzish sifatida baholandi.
Mazkur kelishuv natijasida 13-oktyabr kuni HAMAS garovga olingan 20 nafar tirik isroillikni ozod qildi, 2 mingga yaqin falastinlik Isroil qamoqxonasidan olib chiqildi va Isroilning G‘azodan qisman chiqib ketishiga olib keldi.








