Shvetsiya 12-iyun kuni o‘z havo hududi yaqinida Rossiyaning ikkita harbiy samolyotini tutib qolish uchun ikki juft (jami to‘rtta) JAS 39 Gripen qiruvchi samolyotini havoga ko‘tardi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib Al Arabiya xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, har ikkala hodisa ham Boltiq dengizining janubiy va shimoliy qismlarida yuz bergan. Shvetsiya harbiylari bergan bayonotga ko‘ra, umumiy havo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun NATO qiruvchi samolyotlari ham havoga ko‘tarilgan.
Xabarda aytilishicha, ushbu hodisalar davomida Shvetsiya havo hududi buzib o‘tilmagan.
“Rossiyaning bu harakatlari jiddiy hisoblanadi. Bunday takrorlanib turadigan xatti-harakatlar bizning hududiy yaxlitligimiz va xavfsizligimizga tahdid soladi”, dedi qurolli kuchlarning qo‘shma operatsiyalar boshlig‘i, vitse-admiral Eva Skuug Haslum.
Shvetsiya 2024-yilning mart oyida NATO ittifoqiga a’zo bo‘lgan. Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan Boltiq dengizi atrofida keskinlik keskin kuchaydi. Bundan oldin Latviya osmonida dron urib tushirilgani va Moldovada ham uchuvchisiz apparat qulab tushib, portlab ketgani haqida xabar berilgandi.








