Daryo

“Vagner” Prigojinning oʻlimidan soʻng narkokartelga aylandi — WSJ

Guruhning Markaziy Afrikadagi jangchilari Ubangi daryosining yuqori oqimida oʻrnashib olib, Kongo DRdan kelayotgan tramadolni nazorat qilmoqda. Ular hatto Kremlning ham qo‘li yetmaydigan giyohvandlik imperiyasini barpo etdi.

3 daqiqa o‘qish22 145 ko‘rishlar0 izoh11

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining Markaziy Afrika Respublikasida qolgan jangchilari Ubangi daryosining yuqori oqimida oʻrnashib, u yerda huquq-tartibot organlari va hatto Kreml nazoratidan tashqarida faoliyat yuritayotgan giyohvandlik tarmog‘ini yaratdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Mintaqadagi “Vagner” jangchilari uchun tramadol asosiy daromad manbaiga aylangan. Aslida bu dori operatsiyadan keyingi yoki kuchli og‘riqlarni qoldirish uchun qo‘llanadi. Biroq yuqori dozalarda u “kambag‘allar uchun kokain” vazifasini oʻtaydi. Odatda tramadolning tavsiya etilgan dozasi 50–100 milligrammni tashkil etadi, ammo MARda 200 mg va undan yuqori dozali tabletkalar keng sotilmoqda.

Yiliga 180 million dollardan ortiq daromad

Tahlillarga ko‘ra, “Vagner”ning 500 nafarga yaqin jangchisi Markaziy Afrikaning borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi oltin qazib olishni nazorat qiladi. Noqonuniy oltin eksporti guruhga yiliga qariyb 180 million dollar daromad keltiradi, qo‘shni davlatlarga tramadol kontrabandasi esa qo‘shimcha foyda manbayi hisoblanadi.

Hozir Yevropada yashayotgan “Vagner”ning sobiq a’zosiga koʻra, guruhning ta’siri shu darajaga yetganki, u Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti qo‘riqchilari va poytaxt atrofida patrullik qiluvchi hamda muxolifat tarafdorlariga hujum qiluvchi “Akulalar” nomli yoshlar guruhi a’zolariga ham tramadol yetkazib bermoqda.

Dorilar Kongo Demokratik Respublikasidan daryo orqali olib kiriladi. Shundan so‘ng “Vagner” jangchilari ularning mamlakatda va qo‘shni davlatlarga tarqatilishini nazorat qiladi. Prigojin vafotidan keyin Moskva “Vagner”ning boshqa bizneslarini o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa-da, Markaziy Afrika Respublikasida buni amalga oshira olmadi. Bunga hududning olisligi va guruhning mahalliy tizimlarga chuqur singib ketgani sabab bo‘lgan.

“Benzin va quroldan tortib narkotiklargacha — tramadol asosiy o‘rinni egallaydi”, deyiladi xabarda.

Bugungi kunda yollanma askarlar mamlakat armiyasi va mahalliy qurolli guruhlar bilan yaqin hamkorlik qilib, kontrabanda yo‘llari hamda Ubangi daryosi ustidan nazoratni saqlab qolmoqda.

Tramadol qanday kontrabanda qilinmoqda?

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tramadol kundalik tibbiy foydalanish uchun ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, u tobora ko‘proq suiiste’mol qilinmoqda va morfin kabi qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin.

“Jismoniy yoki ruhiy jihatdan tramadolga qaram bo‘lib qolsangiz, usiz yashash qiyinlashadi”, deydi narkolog Metyu Parker.

Hozirda Markaziy Afrika Respublikasi mintaqa bo‘ylab yuqori dozali tramadolning asosiy qabul qilish va qayta taqsimlash markazlaridan biriga aylangan. Preparatning katta qismi Hindistonda ishlab chiqarilib, Kongo Demokratik Respublikasidagi kompaniyalarga eksport qilinadi. Hujjatlarda ular odatda 50 milligrammlik standart dori sifatida rasmiylashtiriladi. Ammo tadqiqotchilar va savdogarlar yuklar orasida yuqori dozali tabletkalar ham yashirilishini aytmoqda.

Kongoda kontrabandachilar bu tabletkalarni qayta qadoqlab, Ubangi daryosi orqali Markaziy Afrika Respublikasiga olib o‘tadi. U yerdan ular bozorlar, kichik do‘konlar va dorixonalarga tarqatiladi.

Tramadolga talab shu qadar yuqoriki, uning narxi so‘nggi bir yil ichida uch baravar oshgan. Natijada 7 ming dollarlik partiya 21 ming dollargacha daromad keltiradi. Savdogarlar ma’lumotiga ko‘ra, kontrabandachilar yo‘l davomida “Vagner” va u bilan bog‘liq qurolli guruhlarga taxminan 4 ming dollar pora to‘lashga majbur bo‘ladi.

Ushbu daromad “Vagner”ga o‘z kuchlari va unga aloqador qurolli guruhlarni yanada ko‘proq qurol bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Shuningdek, jangovar topshiriqlarga yuborilishidan oldin “Vagner” oʻz jangchilarga tajovuzkorlikni kuchaytirish va qo‘rquv hissini susaytirish maqsadida yuqori dozadagi tramadol tarqatadi. Jenevadagi “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi global tashabbus” tahliliy markazi ham buni tasdiqlaydi.

“Jangchilar intoksikatsiya holatiga tushganda qo‘rquv yo‘qoladi va hayajon kuchayadi”, deydi markaz tadqiqotchisi Natalya Duxan.

Mutaxassislar tramadol iste’molining keskin oshishi so‘nggi bir yil ichida mamlakatdagi qurolli mojarolarda halok bo‘lganlar soni 20 foizga ko‘paygani bilan bir davrga to‘g‘ri kelganini aytdi. Markaziy Afrika Respublikasining nisbatan yakkalangan hududda joylashgani va strategik jihatdan muhim davlat hisoblanmagani esa “Vagner” faoliyati hamda mamlakatda zo‘ravonlikning kuchayishi xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar