Jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudida Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi urushda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga hukm o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1993-yilda tug‘ilgan, Sherobod tumanida yashovchi B.M. Rossiya fuqarosi A.D.ning taklifi bilan 2025-yilning 16-yanvar kuni Qozon shahriga borgan. Hech qancha o‘tmasdan esa qarindoshi M.B. chaqiruvi bilan Sankt Peterburg shahriga ko‘chib o‘tgan.
Shu orada A.D. Rossiya—Ukraina urushida ishtirok etish uchun shartnoma tuzilayotganini, buning uchun Rossiya Mudofaa vazirligi bo‘limlariga murojaat qilishi mumkinligini aytgan. Ikki oydan ortiq vaqt davomida tayinli ish topolmagan B.M. 2025-yilning 31-mart kuni shartnoma tuzish maqsadida Sankt Peterburg shahri mudofaa bo‘limiga borgan.
Suhbat davomida unga Rossiya—Ukraina urushida qatnashayotgan harbiylarga oziq-ovqat tashiydigan haydovchi bo‘lib ishlash taklif etilgan. Evaziga esa Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi, harbiy kiyim, guvohnoma hamda 2 million rubl berilishi aytilgan.
Tez fursatda ko‘proq pul topishni o‘ylab yurgan B.M. 7-aprel kuni Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Rossiya Qurolli kuchlari safiga qabul qilingan va Luga shahridagi harbiy qismga yuborilgan. Bu yerda u 15 kun davomida dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Shuningdek, Vladimir viloyati Kovrov shahridagi harbiy qismda bir oy davomida “BMP-2” piyoda qo‘shinlari jangovar avtomashinasini boshqarishni o‘rgangan. Ushbu vaqt davomida uning nomiga rasmiylashtirilgan “Sberbank” kartasiga 1,6 million rubl (O‘zbekiston Markaziy bankining 9-yanvardagi kursiga ko‘ra, 240,5 million so‘m) tashlab berilgan. Pulning bir qismini uydagilariga yuborib, qolgan qismini o‘zida olib qolgan.
B.M. iyun oyida Luga shahriga qaytib kelib, o‘ziga biriktirilgan harbiy qismdan jangovar “BMP-2” avtomashinalarini vagonlarga yuklagan. Ularni Lugansk Xalq Respublikasi Markov shahridan 15 km uzoqlikdagi dala maydoniga olib borib, joylashtirgan va ikki oy davomida harbiy tayyorgarlik jarayonlarida qatnashgan.
Shunda urushda qatnashish hayoti uchun xavfli ekani va qilgan ishi noto‘g‘riligini tushunib yetib, 10-sentyabrdan 11-sentyabrga o‘tar kechasi dala maydonidan qochib chiqqan. 21-sentyabr kuni Moskva shahriga yetib kelgan va O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Ularning ko‘magi bilan 26-sentyabr kuni Toshkentga qaytib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Sud hukmi bilan B.M. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shundan qamoqda saqlangan 103 kuni JKning 62-moddasi tartibida axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilib, uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil 1 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi.
- Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonliklar
Avvalroq Rossiya harbiy gospitalida ishlagan o‘zbekistonlik erkak 4 yilga ozodlikni cheklash bilan jazolangandi. Shuningdek, qamoq jazosidan qutulish evaziga Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan andijonlik fuqaroga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudi esa 26 yoshli fuqaroni 34 million so‘m jarimaga tortgandi. Pop tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida esa namanganlik 50 yoshli erkak Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida janglarda qatnashgani uchun sudlangandi.
- Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar
Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki qilayotgan kamida 2 715 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-shariflari e’lon qilingan. Ularning soni yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2023-yilda 498 nafar, 2024-yilda yana 941 nafar o‘zbekistonlik Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan. 2025-yilning birinchi yarmida esa 1 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida urushga yo‘l olgan.
- O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan
Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.








