Daryo

Hakerlar Keniya prezidenti saytiga buzib kirib, bitkoin talab qildi

Ular talab bajarilmasa, prezidentni obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlarni e’lon qilish bilan tahdid qildi.

1 daqiqa o‘qish2 735 ko‘rishlar0 izoh0

Hakerlar Keniya prezidenti Uilyam Rutoning rasmiy saytiga buzib kirdi. Ular bosh sahifaga haqoratli xabarlar va bitkoinlarda to‘lov qilish talabini joylashtirdi. Bu haqda Kenyans.co xabar berdi.

Hakerlar saytda ko‘rsatilgan kriptohamyonga beshta bitkoin (taxminan 320 ming dollar) o‘tkazishni talab qilgan. Aks holda, ular prezident haqida obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlarni e’lon qilishini bildirgan.

Uilyam Ruto ma’muriyati saytga buzib kirish faktini tasdiqladi va hozirda IT mutaxassislari hakerlik hujumi oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.

Keniya axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Uilyam Kabogoning aytishicha, hukumatning maxfiy ma’lumotlariga zarar yetmagan.

“Hozirda maxfiy ma’lumotlarga ruxsatsiz kirish, ma’lumotlarning sizib chiqishi yoki yo‘qolishi haqida hech qanday dalil yo‘q. Davlat tizimlari va raqamli xizmatlar himoyalangan hamda odatdagi tartibda ishlashda davom etmoqda”, dedi u.

Ehtiyot chorasi sifatida qayta tiklash ishlari uchun saytga kirish cheklangan.

Avvalroq Shimoliy Koreya hakerlari tarixdagi eng yirik kiberjinoyatni sodir etgandi. Hakerlar 2025-yil davomida 2 milliard dollarga teng kriptoaktiv o‘g‘irlagan. Mazkur rekord darajadagi o‘g‘rilik G‘arb davlatlari va BMTga ko‘ra, mamlakat yadro quroli va raketa dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin. Eng katta talonchilik fevral oyida Dubayda joylashgan Bybit kriptobirjasiga qilingan hujumda qayd etilgan. Unda hakerlar 1,5 milliard dollarlik Ethereum tokenlarini o‘g‘irlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar