Shimoliy koreyalik xakerlar 2025-yil davomida 2 milliard dollarga teng kriptoaktiv o‘g‘irladi. Bu raqam tarixdagi eng katta kiberjinoyat sifatida qayd etilmoqda. Bu haqda blokcheyn tahliliga ixtisoslashgan Londondagi Elliptic kompaniyasiga tayanib, The Independent xabar berdi.
Mazkur rekord darajadagi o‘g‘rilik G‘arb davlatlari va BMTga ko‘ra, mamlakat yadro quroli va raketa dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin. Eng katta talonchilik fevral oyida Dubayda joylashgan Bybit kriptobirjasiga qilingan hujumda qayd etilgan. Unda xakerlar 1,5 milliard dollarlik Ethereum tokenlarini o‘g‘irlagan. Bu yilgi umumiy yo‘qotishlarning yarmi aynan shu hujumga to‘g‘ri keladi.
Elliptic kompaniyasiga ko‘ra, xakerlar tobora ko‘proq boy kripto investorlarini nishonga olmoqda. Ularning ko‘pchiligi xavfsizlik choralariga ega emas. Fevral oyidagi yirik hujumdan tashqari, shimoliy koreyaliklar tomonidan amalga oshirilgani gumon qilinayotgan yana 30 dan ortiq boshqa kiberhujumlar ham aniqlangan. Jabrlanganlar orasida WOO X, Seedify va LND.fi platformalari ham mavjud.
Hisobotda bildirilishicha, 2025-yilda yuz bergan xakerlik hujumlarining aksari texnik nosozliklardan emas, balki “ijtimoiy muhandislik”, ya’ni odamlarni aldab yoki chalg‘itib, ulardan kriptovalyutalarga kirish imkonini olish yo‘li bilan amalga oshirilgan.
Bu holat kriptobozordagi asosiy zaif nuqta tobora texnik emas, inson omiliga bog‘liq bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2025-yildagi zarar miqdori avvalgi yillarnikidan bir necha barobar ko‘p. Biroq mutaxassislar fikricha, bu raqam aslida yanada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab hujumlar ommaga e’lon qilinmaydi. Ayni paytda Shimoliy Koreya kiberjinoyatlarga aloqasi borligini inkor etib kelmoqda.








