Daryo

Turkiya AQSH bilan F-35 mojarosini hal qilishga umid qilmoqda

Turkiya parlamenti Milliy mudofaa komissiyasi raisi Hulusi Akarning aytishicha, AQSH tomoni o‘zining tegishli kanallari orqali Anqaraning F-35 qiruvchi samolyotlari bo‘yicha pozitsiyasiga ijobiy munosabat bildirgan.

2 daqiqa o‘qish4 842 ko‘rishlar0 izoh1

Turkiya parlamenti Milliy mudofaa komissiyasi raisi Hulusi Akar AQSHga tashrifi chog‘ida Anqara va Vashington o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Habertürk nashri yozmoqda.

Uning aytishicha, Turkiya delegatsiyasi AQSH Kongressi a’zolari va bir qator tahlil markazlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Muzokaralarda mudofaa, xavfsizlik va ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

Akarning ta’kidlashicha, NATO sammitining muvaffaqiyatli o‘tishi hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muloqot muzokaralar uchun ijobiy muhit yaratgan.

“S-400 masalasi albatta hal bo‘ladi”

AQSHning CAATSA sanksiyalari, Rossiyadan xarid qilingan S-400 zenit-raketa majmuasi va F-35 qiruvchi samolyotlari dasturi haqida gapirar ekan, Akar bu masalada davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar olib borilganini aytdi.

“Biz hech qachon ‘S-400 BAAga yuboriladi’ degan gaplarni aytmaganmiz va hozir ham buni aytmayapmiz. Muhimi, ushbu masalani imkon qadar tezroq hal qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuv mavjud. Yaqin vaqt ichida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutyapmiz”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomoni ham o‘z kanallari orqali olingan ma’lumotlar asosida Turkiyaning pozitsiyasiga ijobiy munosabat bildirgan.

“S-400 masalasi u yoki bu tarzda hal etiladi. Bu borada muayyan o‘zgarishlarni kutyapmiz va shunday bo‘ladiganga o‘xshaydi. Shundan so‘ng muhim ijobiy natijalar bo‘ladi. F-35 dasturining to‘xtatilishiga aynan S-400 sabab bo‘lgan. Bu muammo bartaraf etilishi bilan F-35 bo‘yicha jarayon ham qayta boshlanadi”, deya ta’kidlagan u.

“Turkiyaning F-35 bo‘yicha pozitsiyasi juda kuchli”

Turkiya parlamenti Milliy mudofaa komissiyasi raisining ta’kidlashicha, Turkiya F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish zanjirining muhim ishtirokchisi bo‘lgan.

“Biz F-35 samolyotining aynan mingta kerakli jihozlarini ishlab chiqaradigan davlat edik. Shu sababli bu masalada pozitsiyamiz juda kuchli. Bu muammo albatta hal etiladi”, dedi u.

Shuningdek, Akar Turkiyada "Po‘lat gumbaz" havo hujumidan mudofaa tizimi ustidagi ishlar davom etayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO va ikki tomonlama kelishuvlar doirasida Turkiyaga bir yoki ikkita Patriot havo mudofaa batareyasi yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu borada boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar davom etmoqda.

Akar, shuningdek, AQSHni Isroilga nisbatan qat’iyroq pozitsiya egallashga chaqirib, Tel-Aviv Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashidan suiiste’mol qilayotganini va bu mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Turkiyaga qarshi CAATSA qonuni doirasida joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishini aytgan edi. Shuningdek, u ancha vaqtdan beri davom etayotgan F-35 qiruvchi samolyotlari bo‘yicha nizo yuzasidan tez orada yakuniy qaror qabul qilinishiga ishora qilgandi. Biroq mazkur bayonotdan bir necha soat o‘tib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bunga qarshiligini bildirgan edi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar