“Bavariya” o‘z hujumchisi Maykl Oliseni jamoada saqlab qolish niyatida va buning uchun ajoyib reja tuzdi. Myunxen klubi futbolchi bilan shartnomani uzaytirishni va uni klubning eng ko‘p maosh oluvchi uch nafar futbolchisidan biriga aylantirishni rejalashtirmoqda.
“Bavariya” rahbariyati klub hech qanday bosim ostida emasligini va futbolchini sotishga majbur bo‘ladigan vaziyat mavjud emasligini ta’kidlamoqda.
OAVda tarqalgan xabarlarga qaramay, futbolchi Madridning “Real” klubiga o‘tmasligiga ishonmoqda. Buning birinchi sababi — “Real” prezidenti Florentino Peresning shaxsiy kafolati. Qayd etilishicha, “qirollik klubi”ning ommaviy bayonotidan tashqari, Peres “Bavariya” rahbariyatiga shaxsan ushbu yozda Oliseni transfer qilishga urinmasligini bildirgan. Myunxen klubi “Real” prezidentining bu va’dasiga to‘liq ishonmoqda.
Ikkinchi sabab esa futbolchining o‘zi bilan bog‘liq. Xabarga ko‘ra, Olise va uning vakili Jahon chempionati vaqtida “Bavariya”ga nemis klubini tark etishni istamasliklarini ma’lum qilgan.
O‘tgan mavsumda Maykl Olise barcha musobaqalarda 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Futbolchining “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning transfer qiymati 150 million yevroga baholanmoqda.
Olise Fransiya terma jamoasi safida 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. U 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori, 2025-yilgi UEFA Millatlar ligasi bronza medali sohibi hisoblanadi. 2026-yilgi Jahon chempionatida esa hozircha 5 ta golli uzatma bilan eng yaxshi assistentlar ro‘yxatini boshqarib bormoqda.








