Daryo

“Bavariya” yetakchisi uchun mavsum yakunlandi

Serj Gnabri jarohat sababli Jahon chempionatida ham ishtirok eta olmasligi mumkin.

1 daqiqa o‘qish3 612 ko‘rishlar0 izoh2

“Bavariya” va Germaniya terma jamoasining hujumkor yarim himoyachisi Serj Gnabri jarohat sababli joriy mavsumda maydonga tusha olmaydi. Hujumchi nafaqat klubidagi o‘yinlarni, balki JCH-2026 turnirini ham o‘tkazib yuborishi kutilmoqda.

“Bavariya” klubi Gnabrining o‘ng sonidagi adduktor mushaklari uzilganini tasdiqladi. Klub jarohat darajasi va tiklanish muddatini aniq ochiqlamagan bo‘lsa-da, bunday jarohatlardan tiklanish uchun odatda 2 oydan 3 oygacha vaqt talab etiladi va futbolchi bu mavsumda boshqa maydonga tusholmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining maydonga qaytishi hatto 4 oygacha cho‘zilishi mumkin.

Gnabri so‘nggi vaqtlarda ajoyib formada edi. U Chempionlar Ligasi chorak finalida “Real Madrid”ga qarshi har ikki o‘yinda ham asosiy tarkibda maydonga tushdi va birinchi bahsda Luis Diasning goliga assistentlik qilib, jamoa g‘alabasida muhim rol o‘ynadi.

Gnabri joriy mavsum “Bavariya” safida 37 o‘yinida maydonga tushib, 10 ta gol va 11 ta golli uzatma qayd etgan. Uning klub bilan tuzilgan shartnomasi 2028-yilning iyun oyiga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.

Ma’lumot uchun, Myunxenning “Bavariya” klubi joriy mavsumda yana trebl (uchta yirik sovrin) qayd etish imkoniyatiga ega. Jamoa navbatdagi o‘yinidayoq Bundesliga chempionligini rasmiylashtirishi mumkin, shuningdek, Chempionlar Ligasi yarim finaliga ham yo‘l olgan.

Yarim finalda Germaniya klubi turnirning amaldagi chempioni “PSJ” bilan to‘qnash keladi. Dastlabki uchrashuv 29-aprel kuni Parijdagi “Park de Prens” stadionida, javob o‘yini esa 7-may kuni Myunxendagi “Allians Arena”da bo‘lib o‘tadi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar