AQSH Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarining urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarini rad etdi. Bu haqda vaziyatdan xavardor uchta manba Reuters agentligiga ma’lum qildi.
Eron ham hujumlar to‘xtamaguncha muzokara olib borishning har qanday imkoniyatini rad etmoqda. Tehron rasmiylari bir nechta davlat vositachilikka urinayotgani, biroq hozircha hech qanday natija yo‘qligini ta’kidladi.
Vashington va Tehronning muzokaralarga qiziqish bildirmayotgani mojaro uzoq davom etishidan dalolat beradi. Bu esa tinch aholi orasida talafotlar ko‘payishiga, Hormuz bo‘g‘ozining yopiq qolishi esa jahon bozorida neft narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelmoqda.
AQSH 13-mart kuni Eronning asosiy neft eksport markazi — Xarg oroliga zarba berdi. Ushbu hujum Trampning harbiy bosimni davom ettirish borasidagi qat’iyatini namoyish etdi. Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy Hormuz bo‘g‘ozini blokadada ushlab turishga va’da berdi. U qo‘shni davlatlardagi AQSH obyektlariga hujumlar kuchaytirilishidan ogohlantirdi.
28-fevral kuni boshlangan urushda hozirga qadar 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning aksariyati eronliklar. Dunyo neftining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozida navigatsiyaning to‘xtashi tarixdagi eng yirik neft ta’minoti inqirozini keltirib chiqardi.
Muloqot o‘rnatishga urinishlar
Urushdan avval vositachilik qilgan Ummon aloqa kanallarini tiklashga bir necha bor urindi, biroq Oq uy bunga qiziqish bildirmadi. AQSH rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ayni damda Tehronning harbiy salohiyatini maksimal darajada zaiflashtirishga e’tibor qaratgan.
“U hozir bunga qiziqmayapti va biz harbiy missiyani davom ettiramiz”, dedi rasmiy vakil.
Urushning birinchi haftasida Tramp o‘zining Truth Social platformasida Eron rahbariyati muloqot qilishni istayotgani, lekin “Juda kech!” ekanini yozdi. Shunga qaramay, AQSH prezidentining kutilmaganda o‘z pozitsiyasini o‘zgartirish odati diplomatik yechim ehtimolini butunlay istisno etmaydi.
Tomonlarning shartlari va vositachilik
Eron otashkesim uchun hujumlarni toʻxtatish, xavfsizlik kafolatlarini berish va yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilmoqda. Eron tomoni AQSH va Isroil havo zarbalarini to‘xtatmaguncha hamda Tehronning shartlarini bajarmaguncha muloqotga kirishmasligini bildirgan.
Urushdan oldin vositachilik jarayonlarida ishtirok etgan Misr ham aloqa liniyalarini qayta tiklashga harakat qildi. Buni uchta xavfsizlik va diplomatik manba tasdiqlagan. Garchi bu urinishlar sezilarli siljishga olib kelmagan bo‘lsa-da, muloqotlar Eron tomonidan zarba berilgan qo‘shni davlatlarning harbiy javob qaytarish borasida biroz tiyilishiga yordam bergan.








