AQSH prezidenti Donald Tramp bir necha kun davomida eng yaqin maslahatchilari bilan Erondagi vaziyatni muhokama qildi. U harbiy operatsiyani kuchaytirish tarafdori bo‘lib turibdi. Qo‘shma Shtatlar taklif qilayotgan choralar orasida havo zarbalarini kuchaytirish (jumladan, ilgari hujum qilinmagan yadroviy inshootga zarba berish) va Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi orollarga qo‘shin yuborish variantlari bor.
14-iyul kuni kechqurun Tramp Oq uyning Maxsus vaziyatlar xonasida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda bo‘g‘oz bo‘yidagi va uning yaqinidagi bir nechta hududlarni egallab olish masalasi muhokama qilindi. Bu hududlar orasida Xarg oroli ham bor. Bu orolda Eron neft va neft mahsulotlari eksportining 90 foizini ta’minlaydigan terminal joylashgan.
Rasmiylarga ko‘ra, Tramp oxirgi kunlarda yuqori lavozimli mulozimlar bilan ko‘plab rasmiy va norasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu yig‘ilishda esa vitse-prezident Jey Di Vens, urush vaziri Pit Hegset, davlat kotibi Marko Rubio va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn ishtirok etgan.
Diplomatik muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani Trampni harbiy choralar haqida o‘ylashga majbur qildi. Aslida, AQSH va Eron bir oy ichida yakuniy tinchlik bitimini imzolashi kerak edi. Ushbu kelishuv yadroviy dastur va kemalar qatnovini o‘z ichiga olishi lozim edi. Biroq Tehron Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilishni va u yerda xavfsizlikni ta’minlash uchun haq undirishni talab qilmoqda.
Shu sababli Tramp o‘z maslahatchilaridan yangi va qat’iy choralar ishlab chiqishni so‘radi. Bu choralar Eronni taslim bo‘lishga yoki hech bo‘lmaganda savdo kemalariga hujum qilishni to‘xtatishga majbur qilishi kerak.
WSJ nashriga bir necha AQSH rasmiylarining ma’lum qilishicha, Tramp quruqlikdan qo‘shinlar yuborishni unchalik istamayapti. U ilgari ham ko‘p marta o‘zining jamoatchilik oldidagi tahdidlaridan qaytgan, jumladan, Xarg orolini egallab olish fikridan ham voz kechgan.
“Agar u baribir quruqlikdagi operatsiyani boshlashga qaror qilsa, bu urushning eng xavfli bosqichini boshlab beradi. Bu esa AQSHni Yaqin Sharqdagi kengayib borayotgan mojaroga yanada chuqurroq tortadi”, deb yozadi gazeta.
So‘nggi kunlarda ko‘rib chiqilayotgan boshqa variantlar orasida havo zarbalari sonini oshirish bor. Bunga energiya inshootlariga zarba berish va Eron yadroviy dasturiga aloqador deb hisoblangan Pikaks tog‘idagi tunnel majmuasini bombardimon qilish kiradi.
Ikki kun avval Tramp Natanz uran boyitish zavodi yaqinidagi majmuaga zarbalar berilishi mumkinligini ochiq e’lon qildi. AQSH boshqa ikkita yadroviy inshoot bilan birga ushbu majmuani 2025-yil iyun oyida bombardimon qilgan edi. The Washington Post gazetasining 2025-yil sentyabrdagi xabariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili Eronning Pikaks tog‘i ostida maxfiy harbiy inshoot qurilishini tezlashtirganini ko‘rsatgan.
Bu qurilish 2020-yilda boshlangan edi. Eron rasmiylari avvalroq ushbu obyekt uran boyitish uchun sentrifugalar ishlab chiqarish va yig‘ish uchun zarurligini aytgan edi. AQSH Mudofaa vazirligini Trampning birinchi prezidentligi davrida boshqargan Mark Esperning fikricha, Qo‘shma Shtatlar faqat havo zarbalari bilan Eronga qarshi urushda g‘alaba qozona olmaydi. U Financial Times nashriga bergan intervyusida bular vaziyatni o‘zgartira olmasligini aytdi.
“AQSH Eronni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga majburlash uchun unga nisbatan keng ko‘lamli iqtisodiy bosim qo‘llashi kerak. Ammo buning uchun vaqt, sabr va intizom talab qilinadi”, dedi Esper.
Avvalroq Pentagon Kubaga nisbatan bir qator harbiy ssenariylarni ko‘rib chiqqani haqida xabar berilgandi. Ko‘rib chiqilgan ssenariylardan biri 101-havo-desant diviziyasi tomonidan desant tushirishni nazarda tutadi. Ushbu bo‘linma bunday harbiy vazifani bajarishga tayyorlangan yagona tuzilmadir.








