Energetika vazirligida sohadagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilib, barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyunda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident administratsiyasi, Bosh prokuratura, qator vazirlik va idoralar, yonilg‘i-energetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbariyati ishtirok etdi. Unda yuqori havo harorati sharoitida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, yonilg‘i-energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha 2026-yil yozida elektr energiyasiga talab o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan elektr tarmoqlari va podstansiyalar ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda brigadalarning doimiy shay holatda bo‘lishi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Xususan, Toshkent shahrida kuzatilgan avariyaviy uzilishlar yuzasidan maxsus komissiya ish boshlagani qayd etildi. Komissiya avariya sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlari sifati hamda avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini o‘rganadi.
Aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, call-markazlar faoliyatini kuchaytirish hamda avariyaviy holatlar bo‘yicha aholini o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi.
Energiya samaradorligi masalasi ham muhokama qilindi. Elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash rejalari tahlil qilinib, ayrim yirik korxonalarda energiya resurslaridan samarasiz foydalanish holatlari keskin tanqid qilindi. Mas’ullarga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eski uskunalarni yangilash va tejash ko‘rsatkichlarini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklar tanqidiy muhokama qilindi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha qarorlar ijrosini ta’minlamayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, aniq choralar ko‘rish vazifasi belgilandi.
Xabarda bildirilishicha, yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari keskin tanqid qilindi, korrupsiya uchun sudlangan barcha xodimlar ishdan bo‘shatilishi aytildi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tizim korxonalari rahbarlarini to‘liq attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qiluvchi maxsus kengash tashkil etilishi ma’lum qilindi.








