2026-yil I choragida Oʻzbekistonda faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi.
Regulyator ish qidiruvchilar soni tez oʻsishi natijasida mehnat bozoridagi raqobat ham kuchayganini bildirdi. Oʻz navbatida mazkur tendensiya ish haqlari oshishiga ham sezilarli turtki bermoqda.
“Soʻnggi choraklarda iqtisodiyotda bandlikning barqaror kengayishi kuzatildi. Bandlik oʻsishining asosiy qismi xizmatlar sohasi hisobiga toʻgʻri keldi. Bunda moliyaviy va sugʻurta faoliyati, professional va texnik xizmatlar, shuningdek maʼmuriy va yordamchi xizmatlar muhim oʻrin tutdi”, deyiladi tahlilda.
Qayd etilishicha, ushbu yoʻnalishlarda bandlik oʻsishi bozor infratuzilmasi rivojlanib borayotgani va iqtisodiyotda yangi yoʻnalishlarga talab ortayotganini aks ettiradi. Qishloq xoʻjaligida bandlik qisqargani esa mehnat resurslari boshqa tarmoqlarga qayta taqsimlanayotgani bilan izohlangan.
Mamlakatda sanoat va savdo sohalarida bandlik barqaror oʻsishni namoyon etgan. Bunda asosiy ulush xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelgan. Davlat korxonalari hissasi ijobiy saqlangan boʻlsa-da, taʼsiri nisbatan cheklanib qolmoqda.
Boʻsh ish oʻrinlari holati
2026-yil I choragida Oʻzbekiston mehnat bozori dinamikasi yuqori iqtisodiy faollik bilan kechgan. Vakansiyalar soni yillik hisobda yanvarda 4,5 foiz, fevralda 6,5 foizga kamaygan. Biroq mart oyida faollik sezilarli tiklanib, jami 15,4 mingta boʻsh ish oʻrni eʼlon qilingan. Bu2025-yil mos davriga nisbatan 9,8 foizga koʻp degani.
Mamlakatda ishchi kuchiga talab eng yuqori sohalar xizmatlar sohasi va chakana savdo boʻlib qolmoqda. Qurilish sohasida esa bandlik mavsumiy omillarga bogʻliqligicha qolyapti. I chorak davomida mazkur sohada mehnatga talab oʻsgan. Umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida ham ishchilarga talab yuqori shakllanib, keskin faollashuv kuzatilgan.
“Muqobil manbalar ham Oʻzbekiston mehnat bozorida boʻsh ish oʻrinlari soni oʻsishda davom etayotganini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, ishchi kuchi taklifining oʻsish surʼatlari mehnatga boʻlgan talab oʻsishidan sezilarli darajada yuqori boʻlib qolmoqda”, deyiladi regulyator tahlilida.
Ishsizlik qisqargan
Markaziy bankka koʻra, 2025-yil yakunida Oʻzbekistondagi ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgan. 2026-yil I choragida oʻtkazilgan soʻrovlar ham korxonalarda xodimlarni yollash boʻyicha kutilmalar ijobiy saqlanib qolganini koʻrsatgan. Xususan, xizmatlar va savdo sohalarida bandlik oshishini kutayotgan korxonalar ulushi oʻsgan. Sanoatda esa kutilmalar barqaror shakllangan.
“Soʻrov natijalari mehnat bozorida talabning barqarorligi va biznes faolligi boʻyicha ijobiy kutilmalar saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda”, deya qayd etgan Markazi bank.
Ish haqi dinamikasi
Tahlil qilinishicha, sohalar kesimida ish haqi miqdorining sezilarli farqlanishi saqlanib qolmoqda. Oʻz navbatida tarmoqlarda mehnatga haq toʻlash barqaror oʻsmoqda.
“Ish haqining eng yuqori oʻsish surʼatlari moliyaviy va sugʻurta faoliyati, transport xizmatlari (tashish va saqlash), shuningdek boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida qayd etildi. Ushbu yoʻnalishlarda ish haqining oʻsishi asosan ishchi kuchiga boʻlgan talabning yuqoriligi bilan izohlanadi. Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida esa ish haqi oʻsishi nisbatan barqaror shakllandi”, deya maʼlum qildi regulyator.
Joriy yil I choragida Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi nominal oʻsishi 17,4 foiz, real oʻsishi 9,5 foizni tashkil qilgan.
Dastlabki chorakda xorijga chiqqan Oʻzbekiston fuqarolari soni 1,63 million nafar boʻlgan. Bu bir yil oldingidan 11,6 foizga koʻp. Xususan, yanvar-mart oylarida Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan fuqarolar 1,34 million nafarni tashkil qilgan. Bu oʻtgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, 2025-yilning mos davriga qaraganda 1,8 foizga kam.
Markaziy bank Rossiyada ishlashga borayotganlar kamayganini mavsumiy omillar va tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi oʻzgarishlar bilan izohlagan. Shu bilan birga oʻzbekistonlik muhojirlarda ishlash uchun boshqa davlatlarni tanlash holatlari ham qayd etilgan. Masalan, I chorakda Turkiyaga migratsiya boʻyicha rasmiy ruxsatnomalar soni 70 mingtaga yetgan. Bu raqam bir yil oldingidan 14 foizga oshgan. Janubiy Koreyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari soni ham I chorakda barqaror oʻsishni davom ettirib, 99,6 ming nafarga yetgan.








